Janubiy Afrikada milliy falokat rejimi e’lon qilindi
Olam
−
21 iyun 8097 2 daqiqa
Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) sharqiy hududlarida sodir bo‘lgan halokatli toshqinlar oqibatida hukumat mamlakatda milliy falokat holatini e’lon qildi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, joriy yilning 9 iyun kuni boshlangan kuchli yomg‘ir, bo‘ronli shamol va qor yog‘ishi oqibatida Sharqiy Keyp provinsiyasi eng ko‘p zarar ko‘rgan hududga aylangan. Yuzlab yo‘llar, uylar, maktablar va boshqa inshootlar vayron bo‘lgan, ko‘plab hududlar elektr va aloqa tarmog‘idan uzilgan.
Provinsiya ijroiya kengashi a’zosi Zolile Uilyams ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha 92 kishining jasadi topilgan, ba’zilarining esa jasadi hanuzgacha topilmagan.
“Toshqinlar Sharqiy Keypga kelganidan beri biz avvalgidek emasmiz. Bu bizning provinsiyamiz boshidan kechirgan eng og‘ir falokat”, deydi Uilyams xotira marosimida.
Mtata shahrida provinsiyaviy motam e’lon qilingan. King Sabatha Dalindyebo kolleji hududida ommaviy xotira marosimi bo‘lib o‘tgan. Yuzlab odamlar, jumladan, turli xristian konfessiyalari vakillari vafot etganlar xotirasiga sham yoqqan.
Mahalliy OAV ma’lumotiga ko‘ra, kamida 2 o‘quvchi avtobus bilan birga suvga oqib ketgan va bedarak yo‘qolgan. Qutqaruvchilar fuqarolardan yo‘qolganlar haqida zudlik bilan xabar berishni so‘ramoqda.
Milliy favqulodda holatlar markazi direktori Elias Sitxolening aytishicha, falokat faqat Sharqiy Keypda emas, balki Kvazulu-Natal, Fri-Steyt va G‘arbiy Keyp provinsiyalarida ham talafotlar keltirib chiqargan.
JAR Prezidenti Siril Ramafosa falokat zonalarini shaxsan borib ko‘zdan kechirgan. Ayniqsa, daryo bo‘ylarida qurilgan kambag‘al tumanlar eng ko‘p zarar ko‘rgan. Hukumat fuqarolardan kechikkan harakatlar va eskirgan infratuzilma uchun keskin tanqidga uchramoqda.
Milliy falokat rejimi orqali mamlakatga favqulodda mablag‘ ajratish, infratuzilma va uy-joylarni tiklash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish imkoniyati yaratiladi. Bu rejim vaziyat to‘liq barqarorlashmaguncha amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Afrika Respublikasida (JAR) kuchli sovuq tufayli kamida 49 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi. Ekstremal sovuq oqimi ayrim hududlarga kuchli yomg‘ir va qor olib kelgan.
Live
Barchasi