Janubi-sharqiy Osiyodagi toshqinlar 4 mln kishiga zarar yetkazdi

Olam

image

Janubi-sharqiy Osiyoning uch mamlakati – Indoneziya, Malayziya va Tailandda bir hafta davom etgan kuchli yomg‘irlar, shamol va ko‘chkilar oqibatida kamida 600 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, 4 milliondan ortiq odam zarar ko‘rdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.  

Mintaqaning Malakka bo‘g‘ozi hududida kuzatilgan noyob tropik bo‘ron keng ko‘lamli vayronagarchilikka sabab bo‘ldi. Qutqaruv guruhlari kecha, 30 noyabr kuni ham suv bosgan ko‘plab hududlarga kira olmayotgani, ayrim hududlarda sel pasaygan bo‘lsa-da, yo‘llarning to‘silgani va aloqa infratuzilmasining shikastlangani ishlarni qiyinlashtirayotganini bildirdi.

Tailand janubida oqibatlar ayniqsa og‘ir bo‘lib, deyarli 3 million kishi talafot ko‘rgan. Indoneziyaning G‘arbiy Sumatra hududida esa toshqin 1,1 milliondan ortiq aholiga zarar yetgan. 

Shuningdek, Bengal ko‘rfazi bo‘ylab joylashgan Shri-Lankada ham siklon oqibatida 153 kishi halok bo‘lgan, 191 kishi bedarak yo‘qolgan va yarim milliondan ortiq odam jabrlangan. 

Indoneziyada halok bo‘lganlar soni bir kun ichida 303 nafardan 435 nafarga oshgan. G‘arbiy Sumatra provinsiyalarida ko‘chkilar qishloqlarni vayron qilgan, ko‘plab aholi punktlari bilan aloqa uzilgan. Qutqaruvchilar vertolyotlar yordamida yo‘l orqali yetib bo‘lmaydigan hududlarga yordam yetkazmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, Indoneziyada 406 kishi bedarak yo‘qolgan, 213 mingdan ortiq odam uyini tark etgan. 

Tailand sog‘liqni saqlash vazirligi halok bo‘lganlar soni 170 kishiga yetganini, jarohatlanganlar esa 102 nafarni tashkil etishini ma’lum qildi. Eng ko‘p talafot Songxla viloyatida qayd etilgan – 131 kishi. Xat Yai shahrida bir sutkada 335 mm yog‘ingarchilik kuzatilib, bu so‘nggi 300 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan. 

Malayziyada esa hali ham 18,7 mingga yaqin kishi evakuatsiya markazlarida qolmoqda. Meteorologiya idoralari bo‘ron xavfi kamayganini ma’lum qilib, mamlakatning ko‘p hududlarida ob-havo barqarorlashishi kutilayotganini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zarafshon daryosining suvi kamayib borayotgani haqida xabar berilgandi. Samarqand viloyatida xo‘jaligi uchun asosiy suv manbai bo‘lgan Zarafshon daryosidan kelayotgan suv hajmi yil sayin kamayib bormoqda. Daryodagi suv hajmi kamayib ketgani uchun yer osti suvlaridan foydalanish darajasi 2 barobar oshgan. Shu bois, keyingi yil kamida 30 ming gektarda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish zarurligi keltirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Indoneziya Malayziya Tailand Malakka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing