Jamoat joylarida ibodat libosida yurganlik uchun javobgarlik bekor qilinyapti

Jamiyat

image

O‘zbekistonda qonun bilan fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurganligi uchun belgilangan ma’muriy javobgarlik bekor qilinmoqda. Bu haqda joriy yilning 19 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasida ma’lum qilindi.

Qo‘mita majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunning dastlabki muhokamalari bo‘lib o‘tgan. Unda ushbu Qonunning qabul qilinishi natijasida jamiyatda millatlararo totuvlikni, diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga, dunyoviy qadriyatlarni saqlab qolishga hamda xotin-qizlarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga erishilishi qayd etilgan.

Ma’lumki, amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishi BHMning besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarimaga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Biroq qonunchilikda “ibodat libosi”ga aynan nima kirishi aniq qilib ko‘rsatilmagan. 

Bundan tashqari, qo‘mita ekspertlari hamda soha mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘nggi paytlarda mamlakatda diniy soha vakillari tomonidan qonuniy nikoh bo‘lmasa ham nikoh tuzishga doir diniy marosimlarni amalga oshirilayotgani ta’kidlangan. Bu o‘z-o‘zidan ijtimoiy muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgani qayd etilgan.
Shuningdek, ayrim diniy blogerlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda dunyoviy va diniy hayot tarzini olib boruvchi jamiyat vakillari orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan, faqat o‘zining diniy qarashlarini ifodalovchi va diniy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan chiqishlar ko‘payib borayotgani ta’kidlangan.

“Qonunda milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik, ko‘p xotinli bo‘lishni targ‘ib qilganlik, jins bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilganlik uchun tegishli javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda. Shuningdek, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etganlik hamda fuqarolarni milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab kamsitganlik hamda diniy tashkilot tomonidan o‘zining ustavida nazarda tutilmagan faoliyat bilan shug‘ullanganlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda”, deyiladi Senat matbuot xizmatining bayonotida.

Yig‘ilish yakunida ushbu Qonun bo‘yicha ekspertlar tomonidan tayyorlangan tavsiyalar Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga taqdim etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston ibodat libosi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing