Jahongir Ortiqxo‘jayev va Kun.uz murosaga keldi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, joriy yilning 16 noyabr oqshomida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga nisbatan aytgan qo‘pol va tahdid ko‘rinishidagi audioyozuvi tarqaldi. Shunday buyon ushbu audioyozuv muhokama maydonining asosiy mavzusiga aylandi. 

Bu orada Jurnalistlar uyushmasi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, siyosiy partiyalar o‘z bayonotlari bilan chiqishdi. Bosh prokuratura o‘rganish ishlarini olib borayotganini ma’lum qildi. 

Bu orada Kun.uz internet nashri ovozli yozuvni haqiqiysi tahririyatda saqlanayotgani, uni huquq-tartibot organlarini taqdim etishini ma’lum qildi. 

Bugun, 17 noyabr kuni Kun.uz internet nashri navbatdagi bayonotni e’lon qildi. Unda qayd etilishicha, bo‘lib o‘tgan voqealar ikki taraf o‘rtasidagi tushunmovchilik bo‘lib, tahririyat xodimlari Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan uchrashgan va tushunmovchilikka barham berilgan. Tahririyat shunday deydi: 

“So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda va mahalliy internet nashrlarida Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Kun.uz muxbirlarini haqoratlayotgani, ularga jismonan yo‘q qilish bilan tahdid qilayotgani aks etgan audioyozuv faol ravishda muhokama qilinmoqda.

Shu sababdan bugun, 17 noyabr kuni vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz tahririyati vakillari va Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida shahar hokimligi va sayt tahririyatiga taalluqli, yuzaga kelgan muammoli masalalar muhokama qilindi.

Shuni rasman ma’lum qilmoqchimizki, mazkur muloqot yakuniga ko‘ra sayt jamoasi va poytaxt hokimligi rahbariyati o‘rtasidagi barcha tushunmovchiliklar barham topdi. Tomonlar bir-birini tushunib, o‘zaro murosaga keldi.

Sayt tahririyati hokimning ushbu vaziyat yuzasidan bildirgan mulohazalarini qoniqarli deb topadi. 

Hamkasblar, boshqa nashrlarning jurnalistlari va blogerlarga shunday pallada faol qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz.

Shu bilan birgalikda, ulardan bu masalani ortiq muhokama qilmaslikni so‘raymiz, zero faqat ikki tarafgagina tegishli bu nizo turli siyosiy kuchlar va shaxslar tomonidan tor manfaatlar yo‘lida qurol sifatida foydalanilishini xohlamaymiz”.


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev

Baholaganlar

240

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing