“Jahongir aka buyuk lider”. Murod Nazarovning ortida Jahongir Ortiqxo‘jayev turadimi?

Intervyu

Murod Nazarov boshchiligidagi “Murad building” oxirgi 10 yilda O‘zbekistonda yirik qurilish loyihalariga qo‘l urdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, zamonaviy qurilish sohasining shakllanishi va rivojlanishi aynan shu nom bilan bog‘liq. O‘zbekistonda ortiga biror siyosiy kuch yoki katta pulni olmagan, siyosiy elita bilan yaqin bo‘lib, ularni tadbirkorlik faoliyatiga sherik qilmaganlar ham nom, ham non topishi mumkinmi? Bu savolni Murod Nazarovga nisbatan qo‘llanilganda uning ortida katta tadbirkor va bugun Toshkent shahar hokimi bo‘lgan Jahongir Ortiqxo‘jayev turmayaptimi, degan savollar tug‘iladi. Bu kabi savollarga Murod Nazarov QALAMPIR.UZ’ning “Jim turing” loyihasi jonli efirida javob berdi. 

“Jahongir aka bilan munosabatlarimiz hammaga qiziq. Jahongir aka menga ham ustoz, ham do‘st. Xo‘sh, u kishi mening ustozim bo‘lsa, demak menga pul tikkan odammi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Yo‘q! Men hammani ustoz deb bilaman. Kimdan nima o‘rgansam, o‘sha inson menga ustoz”, deydi Murod Nazarov. 

U, shuningdek, Zafar Hoshimov, Hasan Mamasaidov, Alisher Isayev va Jahongir Po‘latov kabi tadbirkorlarni ham o‘ziga ustoz deb bilishini urg‘uladi. U yana Jahongir Ortiqxo‘jayev haqida to‘lqinlanib gapirarkan, Ortiqxo‘jayevga “buyuk lider”, deb ta’riy berdi. 

“Men ochig‘ini aytaman: Jahongir aka, buyuk lider. Jahongir akaning jamoalari bilan munosabatlarini ko‘rgan har qanday odam u kishini hurmat qiladi. Jamoaga oiladek qaraydilar. Jahongir akaning do‘stlari yo‘q, kam. Ularning do‘stlari – kompaniyalari, jamoalari. U kishi qo‘l ostidagilarni “ishchi” demaydi, bu so‘zni ishlatmaydi”, deydi Nazarov.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, Jahongir Ortiqxo‘jayev yirik tadbirkor, shahar hokimi bo‘lsa ham qo‘l hokimiyat oshxonasida o‘z xodimlari bilan birga ovqatlanadi. Va bugun bunday rahbarlarni uchratish qiyin. 

“Jahongir aka uchun bitta g‘oya atrofida ishlayotgan odamlar – u kishinig aka-ukasi va do‘stlari. Ular bilan “bolam” deb munosabat qilishlari va qaysidir g‘oyalarni berib, ruhlantirib yuborishlarini ko‘rib, o‘rnak olamiz”, deydi Murod Nazarov. 

U Ortiqxo‘jayevni “haqiqatan “dux”li odam”, deydi. 

Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018 yilning aprel oyida Toshkent shahar hokimi lavozimiga tayinlandi. Bunga ham uch yil to‘lmoqda. Bu vaqt davomida esa Murod Nazarov uning eng yaqin do‘stlaridan biri bo‘lsa ham Ortiqxo‘jayevdan manfaatdan ko‘ra, ko‘proq zarar ko‘rgan. 

“Jahongir aka hokim bo‘lganlaridan keyin manfaatdan ko‘ra, ko‘proq zarba yedim. Qancha loyihalarim to‘xtadi. Chunki Jahongir aka, “Qo‘y, qilma, ertaga yana meni “poderjka” qildi deb aytishmasin”, deydilar. 

Murod Nazarov Jahongir Ortiqxo‘jayevning dangalligi – uning xatosi ekanini aytarkan, bundan o‘zi ham ko‘p pand yeyishini urg‘ulaydi: 

“To‘g‘ri, u kishining ham xatolari bor. U o‘z xatolarini biladigan odam. U mard odam. Dangalini aytganda erkak odam. Birovning ortidan o‘yin qilish, ikkiyuzlamachilik odati yo‘q”. 

Agar Murod Nazarovning ortida shahar hokimi turmasa, unda kim bor? Nazarov yillar davomida o‘rtaga chiqib kelayotgan ushbu savolga ham javob berdi o‘tdi. 

“Menga bu savolni 10 yil avval ham berishar edi. Bilasizki, 10 yil avvalgi vaziyat bugungisiga qaraganda ancha boshqacha bo‘lgan. O‘sha vaqtda qurilish qilish boshqalarning ham qo‘lidan kelgan, lekin buning uchun jasorat kerak edi. Yosh yigit bo‘la turib, qurilishda katta loyihalarni boshlaganimizda, “uni ortida kim turibdi”, deb ko‘pchilik savol berardi. O‘shanda “eng kattasi”, deb javob berardik. Shunda “Prezidentmi?”, deyishardi. Undan ham kattasi, derdim. Shunda ba’zilar Rossiyadagi Alisher Usmonov, deb taxmin ham qilishgan. Yana ayrimlar Rossiyadagi boshqa oligarxlar, deb o‘ylashardi. Indamasdim. Hozir ham so‘rasangiz javobim shu: eng kattasi turadi. Bu Allohga tavakkal. Qo‘rqadigan joyimiz yo‘q. Halol ishlaganimizdan keyin ortimizda kimdir turishining keragi yo‘q. Aksincha, sizning ortingizda qandaydir kuch yoki siyosatchi bo‘lishi – bu sizga zarar. Bu – katta xavf. Chunki, zamon, kuchlar, siyosat o‘zgaradi. Agar sizning qaysidir kuchga bog‘liq joyingiz bo‘lsa, o‘sha o‘zgarish paytida siz ham yo‘q bo‘lishingiz mumkin. 

Bizning ortimizda duo qilib turguvchi onalarimiz, ko‘pdan-ko‘p vatandoshlarimiz va albatta, qullab-quvvatlab turadigan Yaratgan egamiz turadi. Boshqa biror kimga ishonib yashaydigan inson emasmiz”.

Murod Nazarov bilan intervyuni hoziroq yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev Murod Nazarov

Baholaganlar

346

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing