“Ekoterrorizm” xavfi - Weekend
Tahlil
−
20 iyul 7371 17 daqiqa
Joriy hafta davomida O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturida tanishing.
Kislorodni kim kompensatsiya qiladi?
O‘zbekiston yo‘llaridagi o‘limlar o‘tgan yillar davomida shu darajada ko‘paydiki, bu hatto odamlar orasida, ijtimoiy tarmoqlarda yangi “avtoterrorizm” yoki “avtoterrorchi” degan atamaning vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Ammo mamlakatda, bo‘lib ham poytaxtda inson hayoti va sog‘lig‘i uchun juda muhim bo‘lgan daraxtlarning qirilish holatlari ham yo‘llardagi qirg‘inlardan qolishmasligi oqibatida yaqin orada tilimizda “ekoterrorizm” yoki “ekoterrorchi” kabi so‘zlar ommalashsa ajab emas. Eng yomoni, bunday xunuk jarayonga aholi tomonidan davlat boshqaruvidagi eng muhim bo‘g‘inlardan biri bo‘lgan Oliy Majlisga saylab qo‘yilganlarning aksariyati ham bepisand qaramoqda.
17 iyul kuni Savdo-sanoat palatasining qurilish sohasiga bag‘ishlangan yig‘ilishida tadbirkor Murod Nazarovning Toshkent shahrida qurilish qilayotganlarga daraxt kesishga qo‘yilgan cheklovni olib tashlash bo‘yicha aytgan gaplari ijtimoiy tarmoqlarni portlatib yubordi. Rekonstruksiya, renovatsiya, “daraxtlar banki”, xullas, Nazarov aytgan har bir jumla muhokama qilindi, tarmoqlarda tinimsiz aylandi, keskin tanqid ostiga olindi. Bunga bir boshdan to‘xtalishning xojati yo‘q. Qisqa qilib aytganda, Murod Nazarov O‘zbekiston Prezidenti tomonidan daraxtlarni noqonuniy kesishga qarshi joriy qilingan moratoriyga “baribir amal qilinmayotgani”, kesilishlar davom etayotganini aytib, mazkur masalaga yechim sifatida quruvchi kompaniyalar zimmasiga kelgusi yillarda kesmoqchi bo‘lgan daraxtlari o‘rniga oldindan yangilarini ekishni yuklash kerakligini takidladi. Nazarovning hayolidagi bu xom taklif “daraxtlar banki” deb nomlanadi.
Xullas, unga ko‘ra, quruvchilar kelasi yoki undan keyingi yilda taxminan qancha qurilish qilishini biladi va taxminan nechta daraxtni nobud qilishini ham. Ertaga nechta daraxt kesishga to‘g‘ri kelsa, ularning diametri, ko‘rsatkichlari belgilab qo‘yilishi va shunga mos ekvivalentda oldindan daraxt ekishi kerak. Shu bilan ish bitdi hisob. Tabiatga yetkazilgan zarar tujjor nazdida shu bilan kompensatsiya qilinadi. Ammo shu o‘rinda bir qator masalar haqli tarzda o‘rtaga chiqadi. Birinchidan, Nazarov tomonidan “baribir kesilyapti” degan daraxtlarga qilingan moratoriy muddatsiz davrga 2021 yil 31 dekabrdagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan joriy qilingan. Bu farmon bilan jarimalar besh baravarga, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori esa ikki baravarga oshirilgan. Qolaversa, daraxtlarni har qanday holatda kesish yoki yo‘q qilish to‘g‘risida hukumat farmoyishlari va hokimlar qarorlarini qabul qilish ham taqiqlangan. Ikkinchidan, agar Nazarov o‘zi tomonidan taklif qilingan “daraxtlar banki” degan halokatli tizim bilan, ya’ni bu kelasi yillardagi qurilishlarda kesib tashlaydigan daraxtlari uchun oldindan daraxt ekish yo‘li bilan tabiatga va aholiga yetkazgan zarar to‘liq kompensatsiya qilinadi deb o‘ylagan bo‘lsa, adashadi.
Chunki Nazarov uzoq yillik, kislorod ishlab chiqarishga boy bo‘lgan tayyor boylikni tagidan chopib, o‘rniga uning diametriga mos nihollar ekishni taklif qildi-yu, ammo o‘sha yangi ko‘chatlar qachon faol tarzda kislorod ishlab chiqarishni boshlashi, o‘rtadagi kislorodsiz yillar uchun kim kompensatsiya to‘lashiga to‘xtalmadi. Bu haqli savol. Ma’lumotlarga ko‘ra, daraxt ko‘chatlari o‘zining ilk yilidayoq fotosintez jarayonini boshlaydi, biroq ularning faol tarzda kislorod ishlab chiqarishi uchun turiga qarab 5, 8, 10 va hatto 20 yil kerak bo‘ladi. 20 yildan keyingina biror daraxtdan yiliga yuzlab insonlarni kislorod bilan taminlashni kutish mumkin. O‘zbekistondagi ikkita, ya’ni archa va chinor daraxtlari misolida olaylik. Archaga yetarli miqdorda kislorod ishlab chiqarishi uchun 8 yil, chinorga esa taxminan 10 yil kerak bo‘ladi. Qolgan daraxtlar esa turiga qarab farqlanadi. Umuman olganda, istalgan daraxtning o‘z salohiyati doirasida kislorod ishlab chiqishi uchun bir necha yillar kerak bo‘ladi. Har bir yetuk daraxt nafaqat toza havo masalasida, balki haroratni bir meyorda ushlash bobida ham juda kerakli jism ekanini gapirmasa ham bo‘ladi. Chunki quyosh nuri tushib turgan va daraxt soyasi ostidagi joyning harorati o‘rtasida sezilarli farq borligi ko‘pchilikka ayon. Bu yildan yilga qizib borayotgan O‘zbekiston uchun juda muhim masala. Shunday ekan, “daraxtlar banki” degan qandaydir taklif bilan zarar qoplanib qolmaydi, kislorodsiz o‘tgan yillar uchun kompensatsiyani kim to‘laydi? Bir necha yillar oldin shaxsan o‘zi tomonidan umumiy kapitali 50 million dollarga yaqin deb ochiqlangan quruvchi ham yo‘qotilgan toza havoni kompensatsiya qilishga moliyaviy jihatdan qiynalib qolsa ajab emas.
Nazarovni tekshirish taklifi va Qodirovdan yana o‘zgacha chiqish
Kutilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Nazarovning gapiga keskin javob qaytarishdi. Xususan, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan saylangan deputat Javlon Abdullayev ancha jo‘yali fikr va raqamlarni keltirib o‘tdi. U moratoriyning ahamiyati juda katta ekani, ayrim noqonuniy daraxt kesish holatlariga qaramasdan, ushbu chora-tadbir tufayli 98 foizdan ortiq daraxtlarning kesilishiga yo‘l qo‘yilmaganini qayd etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi olti oyi davomida daraxtlarni kesish bo‘yicha kelib tushgan 3 235 ta ariza rad etilgani natijasida 453 238 ta daraxt kesilishining oldi olingan. Rad etilgan arizalarda ko‘rsatilgan daraxtlar orasida 86 309 tasi qimmatbaxo navlarga mansub bo‘lgan. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, agar har kim daraxtni o‘z hududidagi to‘siq sifatida ko‘rib, uni kesishni “muqobil ekish” bilan almashtirsa, bu – tabiatga qarshi ochiqchasiga tajovuz, ya’ni ekologik jinoyat sanaladi”.
Bundan tashqari, Abdullayev rivojlangan mamlakatlarda noqonuniy kesilgan har bir daraxtning hatto santimetri uchun moliyaviy javobgarlik belgilangani, ayrim hollarda esa quruvchidan yerni qaytarib olishgacha borilishi haqida ham eslatib o‘tgan.
“Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov esa moratoriy muhokama mavzusi emasligini bildirdi va uni tugatish kerakligini taklif qilgan odam qachondir daraxt ekib, bog‘ yaratib qo‘yganmi o‘zi degan savolni o‘rtaga tashladi.
“Developer daraxt kesishni qonuniylashtirish kerak, deyapti. Ekologlar esa developerlar uylarini shahardan tashqarida qursin, deyapti. Nima haqiqat ekanligini belgilovchi – bu jamoatchilik. Bugun odamlar shahar markazida qurilishlar emas, yashil hududlarni ko‘paytirish tarafdori. Bitta chinor biroz soya berishi uchun 7-10 yil vaqt kerak. Taklif berayotgan developer shuncha yil oldin daraxt ekib, bog‘ yaratdimi?” deya savol qo‘ygan deputat.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi esa qolganlarga nisbatan ancha jiddiyroq munosabat bildirdi. Vazirlik huquqni muhofaza qiluvchi organlardan Nazarovni tekshirishni so‘radi. Unga ko‘ra, bu tekshiruv Nazarovning oldingi faoliyati bo‘yicha tegishli xulosalarni olishga yordam beradi. Shu o‘rinda vazirlik ikkita muhim nuqtaga alohida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, voyaga yetgan daraxtning o‘rnini hech qanday ko‘chat bosa olmaydi. Zararli korbanat angidridni yutish hajmi, mikroiqlimga ta’siri, biologik xilma-xillik, xullas, hech bir jabhada yetuk daraxtning o‘rnini yangi ko‘chat uzoq yillar davomida bosa olmaydi. Vazirlikning bildiricha, Yevropa atrof-muhit agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bitta daraxt yiliga 21 kg SO₂ ni yutadi. Birorta ham ko‘chat bu funksiyani o‘n yil ichida bajara olmaydi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi “Daraxtlar banki”ga to‘xtalib, bu amaliyot sun’iy ravishda korrupsiyani yuzaga keltirishi mumkinligi, ayrim mamlakatlarda kompensatsion ekinlar tizimi noqonuniy daraxt kesishni yashirishga xizmat qilayotganini takidladi. O‘zbekistonda esa kompensatsion ekinlar – mavjud ma’muriy yoki jinoiy javobgarliklarga qo‘shimcha choradir, lekin muqobil emasligi eslatildi. Ya’ni daraxtni noqonuniy keskanlik uchun javobgarlik bilan birga uni kompensatsiya qilish ham majburiyat. Shuningdek, vazirlik o‘z munosabatining so‘ngida konstruktiv muloqotga tayyorligi, lekin davlat ekologik siyosatining prinsipial asoslarini qayta ko‘rib chiqmasligini ta’kidladi.
Biroq rasmiy doiralar ham tadbirkorning ushbu taklifini bir ovozdan tanqid qildi va qarshi chiqdi deb turgan joyda, doim qolganlardan ajralib turishga harakat qiladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov bu borada boshqacha fikrda ekani yaqqol ko‘rindi. U “daraxt kesilmasin, degani, mutlaqo kesilmasin emas, zarur bo‘lsa kesilishi mumkin, degani bo‘lishi kerak”, deb hisoblamoqda. Ammo Qodirov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida daraxtlarning aynan qaysi holatlarda kesilishi mumkinligiga oydinlik kiritmagan.
“Ishxona oldidagi qurt yeb bitirgan daraxtni oldirib tashlash uchun 1 yil qog‘oz qildik, hamma bir-biriga soladi! Kesishga kelganlarni ko‘rib yig‘lashni ham, kulishni ham bilmaysan, daraxt kesish emas, odamni dorga osishga kelishgandek…” deb yozdi deputat ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga.
Aslida bir daraxtni kesish uchun shuncha to‘siqning borligi istalgan sog‘lom fikrdagi shaxs uchun ijobiy holat. Aslida butun boshli fraksiya rahbarining daraxtlar borasida aytgan shu fikri yig‘lashga arzigulik emasmi? Qodirovni tinmay ta’kidlaydigan qadriyatlarga asoslangan taraqqiyot kabi dasturlarda toza havo, ko‘rkam tabiat va yashillik kabi maqsadlar yo‘q, chamasi. Uning bu gaplari hali holva. Odamlardagi daraxtni asrashga bo‘lgan ishtiyoq va tabiat borasidagi jonkuyarligiga dinning nima aloqasi bor?
“Albatta, daraxt kerak, havo yetmayapti, lekin unutmaylik, daraxtni inson uchun asraymiz, insonni daraxt uchun emas! Bu ketishda kelajak avlod dinini unutib, daraxtga e’tiqod qilishni boshlab yubormasa… Daraxtni himoyasiga birlashgandek suv, yer, energoresurslar, oziq-ovqat va vaqt, qolaversa o‘zligimizni isrofiga qarshi ham birlasha olsak edi!” deydi Alisher Qodirov.
Navoiyni zaharli havo qopladi
O‘zbekistonning eng ko‘zga ko‘ringan quruvchilaridan biri daraxtlarni kesishga qo‘yilgan taqiqni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ta’biri bilan aytganda, o‘ziga xos “ijodkorona” usullar bilan olib tashlashni so‘ragan bir paytda tasodifan Navoiyni zaharli havo qopladi. Holat 19 iyul kuni tonggi vaqtda Navoiy viloyatining Navoiy shahri hududida sodir bo‘ldi. Viloyat ekologiya boshqarmasining ma’lum qilishicha, shaharning tutun bilan qoplangan hududlarida o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganish davomida Navoiy shahrida soat 7:00 dan 9:00 ga qadar viloyat Ekologiya boshqarmasining tahliliy laboratoriyasi hamda “Navoiyazot” AJga qarashli Sanitar laboratoriyasi bilan tahlil ishlari olib borilgan. Natijada ushbu hududlarda atmosfera tarkibida ammiak 1,4 barobar hamda vodorod sulfid 16,8 barobar me’yordan yuqoriligi aniqlangan.
Tarmoqlarda esa ko‘pchilik ushbu tutun “Navoiyazot” AJ hududidan chiqayotgani haqida yozdi, ammo jamiyat ushbu iddaolarni rad etdi. “Navoiyazot”ga ko‘ra, ushbu tutun g‘arbiy hududdan, Navoiy xalqaro aeroporti tomondan havoga ko‘tarilgan va shamol yo‘nalishi bo‘ylab korxona atrofidan o‘tib, keyin butun shaharga tarqalgan. Xullas, nima bo‘lgan taqdirda ham katta qismi cho‘ldan iborat Navoiy bu hodisa daraxtsizlikning oqibati qanday bo‘lishini Nazarovning fikrlaridan ko‘p o‘tmay isbotladi.
Terrorizmdan tozalangan vodiy
Endi haqiqiy terrorizm haqida gaplashamiz. Hafta oxirida Davlat xavfsizlik xizmati Namangan shahrida “Islom davlati Xuroson viloyati” deb nomlanuvchi xalqaro terrorchi tashkilotning yashirin “jamoa”sini fosh qildi. Ma’lum qilinishicha, guruhdagi 16 nafar a’zoning yashash manzillari ko‘zdan kechirilib, 37 ta uyali aloqa vositalari, 51 dona nashriyoti ko‘rsatilmagan diniy adabiyotlar, 40 ta DVD disk, 4 ta flesh-karta hamda noutbuk va planshet ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan. Davlatobod tumanida yashovchi fuqaro tomonidan tashkil etilgan “jamoat” yig‘ilishlarida xalqaro terroristik tashkilotlar g‘oyaviy rahnamolarining “jihod” va “shahidlik”ka chorlovchi da’vatlari faol targ‘ib qilingan. Bundan tashqari, ushbu ekstremistik jamoaning yetakchisi Telegram messenjerida jami 120 nafardan ortiq a’zosi bo‘lgan virtual kanal va guruhlar tashkil qilib, ularda “Islom davlati” terrorchi tashkiloti atributlari, ekstremistik materiallar hamda “jihodiy” mazmundagi audio-video fayllarni tarqatgan hamda ularni mazkur jamoa a’zolari bilan o‘zaro muhokama qilgan.
Shuningdek, mazkur virtual kanallarda yoshlarni “shariat hukmi” bilan “jihodiy” ruhda ulg‘aytirish va mamlakatdagi siyosiy, ijtimoiy-diniy islohotlarga qarshi norozi kayfiyatda tarbiyalash orqali “Islomiy davlat” asoslarini omma orasida targ‘ib qilishga qaratilgan “post”lar va diniy da’vatlar joylashtirib kelingan.
Shuningdek, ushbu ekstremistik guruh yetakchisi 2022 yilda Turkiyaning Istanbul shahrida tashkil qilingan “hujra”da diniy saboq olishi oqibatida uning qarashlarida keskin o‘zgarishlar sodir bo‘lgan. Bundan xabar topgan otasi qizining noto‘g‘ri yo‘lda ekani bo‘yicha nasihat qilganida, u o‘z otasini “kofir”ga chiqargan. Ammo bu hali hammasi emas. DXX guruh a’zolaridan biri Namangan shahrida joylashgan xususiy universitet ta’sischisi ekanini ma’lum qildi. Hozirda guruh tashkilotchisi va uning 3 nafar faol a’zosiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Guruhning qolgan a’zolariga nisbatan ham surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ammo bu so‘nggi oylardagi yagona shu kabi holat emas. Bundan avvalroq vodiyning qolgan ikki viloyatida ham diniy ekstremistik oqimlarning yashirin jamoalari aniqlangandi. Xususan, Andijon shahrida joriy yilning may oyida 1981 yilda tug‘ilgan shaxs atrofiga 12 nafar boshqa shaxslarni yig‘ib, jamoat tashkil etgan holda shahardagi turli choyxonalarda to‘planib, kelgusida Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkilotiga qo‘shilishni niyat qilgani xabar qilindi. Ular hatto o‘zaro “Baytulmol” ko‘rinishida pul mablag‘lari yig‘ib, o‘z tarafdorlariga berib kelgan. Jamoa a’zolarining xonadonlarida o‘tkazilgan tintuv-tergov harakatlari davomida turli diniy ekstremistik adabiyotlar va boshqa ashyoviy dalillar olingan.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa “Hizb ut-Tahrir” diniy ekstremistik tashkilotining yashirin guruhi fosh etilgandi. Eng qizig‘i, o‘sha tadbirda qo‘lga olingan guruh yetakchisi umrining naqd 20 yilini aynan ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullangani uchun qamoqda o‘tkazgani ma’lum bo‘lgandi. U Qo‘qon shahrida yashovchi 1962 yilda tug‘ilgan, muqaddam “Hizb ut-Tahrir” tashkilotiga a’zo bo‘lib, Jinoyat kodeksining 159-(O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 2441-(Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) hamda 2442-moddalarida (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun 2000-2019 yillarda ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tagan shaxs ekani ochiqlangan.
Mazkur shaxs bu safar 1965-1971 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 4 nafar fuqaroni jalb qilgan holda noqonuniy guruh tuzgan. Ular 2024-2025 yillar davomida Qo‘qon shahridagi choyxona va oshxonalarda o‘tkazilgan o‘zaro yig‘inlarda “Hizb ut-Tahrir” g‘oyalarini O‘zbekistonga olib kirilishini, ushbu tashkilot tomonidan chop etilgan kitob va jurnallarda ifodalangan aqidaparastlikni, xalifalik davlati qurish g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab kelgan. Shuningdek, Telegram messenjeridagi yopiq kanalga a’zo bo‘lib, unda “Hizb ut-Tahrir”ga tegishli materiallar bilan muntazam tanishib borgan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining yuqorida sanab o‘tilgan 159, 2441, 2442-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Yana Lukashenko va kartoshka
Belaruslik Aleksandr Lukashenko yana e’tibor markazida va u yana jiddiy bir siyosiy ahamiyatga ega ish bilan emas, balki borgan sari kulguli tus olgan kartoshka masalasida bayonot berib chiqdi. 18 iyul kuni yig‘im-terim bilan bog‘liq yig‘ilishda Lukashenko ayrim kasalliklar kartoshka ekinlariga zarar yetkazishi mumkinligidan xavotirda ekanini aytib, Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziriga o‘tgan yili sabzavot hosili bilan bog‘liq muammolarni eslatdi va bu masalaga jiddiy yondashishga chaqirdi. U bu yil “kartoshka bilan hazillashib bo‘lmasligi, o‘tgan yilda aynan shu masalada xalqdan tanbeh eshitilganini” ta’kidladi. Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri Yuriy Gorlov esa o‘tgan yili haddan tashqari namlanish tufayli mas’ullar qayerdadir xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkinligi, ammo bu yil hosil o‘tgan yilgidan yaxshi bo‘lishi kutilayotganini aytib, bir million tonnadan ham ko‘p natijaga erishishga va’da berdi.
Ko‘pchilikka ma’lum, iqtisodiy jihatdan bir-biriga qaysidir ma’noda bog‘langan postsovet mamlakatlarining birortasida oziq-ovqat bilan bog‘liq muammo yuzaga kelsa, bu qolgan davlatlarga ham ta’sir qiladi. Masalan, o‘tgan oylar davomida Qozog‘istonda aynan shu kartoshka bilan bog‘liq muammo yuzaga kelganda, Ostonadagi rasmiylar bunda O‘zbekistonni aybdor qilgandi. Lukashenko esa o‘z mamlakatida kartoshkaga juda ko‘p urg‘u berib yuborayotganining sababi bu Rossiyani ham unutmaganligidadir. Chunki Lukashenko doim mamlakatda kartoshka yetishtirish hajmini oshirish zarurligini ta’kidlab, uning hosili nafaqat Belarusning o‘ziga, balki Rossiyaga ham yetishi kerakligini takrorlab keladi.
Ha, aytgancha joriy haftada belaruslik Lukashenko faqat kartoshka bilangina e’tiborni tortmadi. U o‘z o‘g‘liga stipendiya tayinlagani ham ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi. “Reformation” xabariga ko‘ra, Aleksandr Lukashenkoning qarori bilan uning o‘g‘li Nikolay Lukashenkoga maxsus stipendiya ajratilgan. Lukashenko ushbu farmonga 2025 yil 15 iyulda imzo chekkan, unda iqtidorli o‘quvchilar va talabalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus Prezident jamg‘armasi qarori tasdiqlangan. Ammo eng qizig‘i, imzolangan hujjatda ma’lum bo‘lishicha, 2024/25 o‘quv yilining ikkinchi semestrida Belarus davlat universitetining 3-bosqich talabasi Nikolay Lukashenkoga taxminan 229 Belarus rubli (885 ming 744 so‘m) miqdorida stipendiya tayinlangan. Birinchi semestrda davlat rahbarining yanvar oyidagi farmoniga ko‘ra, ko‘rsatkich 221,88 Belarus rublini (858 ming 205 so‘m) tashkil qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Lukashenkoning o‘g‘li universitetga o‘qishga kirganidan beri muntazam ravishda iqtidorli talabalar uchun beriladigan stipendiyani oladi.
Shu o‘rinda doimo tanqid ostiga olib kelinadigan, har doim “loy chaplanadigan” Lukashenkoning oilasi haqida qisqacha ma’lumot juda o‘rinli bo‘ladi. To‘g‘ri, bir so‘z bilan aytganda, Lukashenko diktator. Buni uning o‘zi ham bir necha bor ochiqchasiga tan olgan. Ammo u boshqa farzandlari, oila a’zolari Yevropaning turli so‘lim go‘shalarida yallo qilib yuradigan, davlatning talon-toroj qilingan mablag‘larini ishlatadigan diktatorlar sirasidan emasligi ma’lum. Oddiy misol mana o‘g‘li, hayotlik davrida davlat universitetida o‘qimoqda, Britaniya oliy ta’lim dargohlarida emas. Unga tayinlangan stipendiya miqdori ham arzimas summa. Ustiga-ustak, Lukashenko Turkmanistondagi kabi monarxiyaga ham intilayotganga o‘xshamaydi. To‘g‘ri, Rossiyaning pinjiga kirib ketish va naqd yetti marotaba prezidentlik postini egallashi xalqaro maydonda Belarus obro‘sini keskin tushirib yubordi. Ammo belarusliklar hech bo‘lmaganda u o‘lgandan so‘ng boshqa siyosiy kursga guvoh bo‘lishi mumkin. Chunki Lukashenkodan keyin Nikolay ko‘p ehtimol Minskdagi taxtni egallamaydi. 2025 yilning yanvar oyida Aleksandr Lukashenko uning farzandlari hatto dahshatli tushlarida ham o‘zlarini prezident sifatida tasavvur qilmasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi bo‘lajak rahbarlar uning ikki o‘g‘li emas, balki “ayni damdagi hokimlar, amaldagi vazirlar, parlament palatalari rahbarlari, yuqori lavozimli amaldorlar”dir.
Tramp kasal
Tramp kasal. Buni Oq uy ham rasman e’lon qildi. Ammo ular ushbu kasallik jiddiy emasligini da’vo qilmoqda. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittga ko‘ra, Donald Trampda oyoqlaridagi yengil shishlar fonida “doimiy venoz yetishmovchiligi” aniqlangan. Uning aytishicha, Tramp so‘nggi haftalarda oyoqlarida yengil shishni payqagan va to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tekshiruv natijalari “venoz yetishmovchiligi” tashxisini ko‘rsatgan. Bu, Livitt ta’kidlaganidek, xavfsiz va 70 yoshdan oshganlar orasida keng tarqalgan holatdir. Tramp esa hozirda 79 yoshda. Tramp atrofidagi xavotirlar va uning qandaydir dardga chalingani haqidagi xabarlar esa 16 iyul kuni uning Bahrayn valiahd shahzodasi Salmon bin Hamad al-Xalifa bilan uchrashuvi chog‘ida oyog‘ida shish mavjudligi aks etgan surat tarmoqlarda tarqalgandan so‘ng bolaladi. Bungacha esa Trampning o‘ng qo‘lidagi ko‘karish va shishlar aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda turli mish-mishlarga sabab bo‘lgandi. Livitt bu holatni “qo‘l berib ko‘p kishilar bilan ko‘rishish” va “aspirin qabul qilish” bilan izohladi. Ma’lumki, Tramp yurak xuruji va insult xavfini kamaytirish uchun aspirin qabul qiladi.
Mazkur xabarlar fonida esa Prezident shifokori Shon Barbabellaning ham maktubi Oq uy tomonidan e’lon qilindi. Maktubga ko‘ra, Tramp umumiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan: qon tahlillari, yurak exokardiografiyasi va boshqa tekshiruvlar normal chiqqan. Unda tromb yoki arteriya muammolari aniqlanmagan. Barbabella Tramp juda sog‘lom ekanini ta’kidlagan. Jons Xopkins tibbiyot markazining ma’lumotlariga ko‘ra esa, CVI – bu oyoq tomirlari qonni yurakka qaytarishda qiynalishi bilan tavsiflanadigan holat bo‘lib, insonga jiddiy tibbiy xavf solmaydi. Stenford universiteti tibbiyot maktabi esa CVI natijasida oyoqlarda shish, noqulaylik va jiddiy hollarda yallig‘lanishli yaralar paydo bo‘lishi mumkinligini qayd etgan.
Ammo Tramp shu holatida ham OAV bilan janjallashish va ularni sudga berishga o‘zida kuch topa olmoqda. U mediamagnat Rupert Merdokni tuhmatda ayblab, sudga da’vo qildi. Florida janubiy okrugi sudining elektron ma’lumotlar bazasida ayblanuvchi sifatida ko‘rsatilgan Merdok esa News Corporation mediaxolding kompaniyasi rahbari va bu kompaniyaga tegishli “The Wall Street Journal” nashrining egasi hisoblanadi. Gap shundaki, oldinroq “The Wall Street Journal” nashri Epshteynning 50 yillik yubileyi munosabati bilan tayyorlangan albomni ko‘rib chiqqani haqida maqola e’lon qilgan edi. Unda Tramp Epshteynning yubileyiga yalang‘och ayolning qo‘lda chizilgan surati va u bilan birga tabrik maktub ham yuborganini da’vo qilgan.
Bu ishdagi ayblanuvchilar orasida ushbu maktub haqidagi maqolani yozgan WSJ gazetasining ikki jurnalisti ham bor. Da’voning o‘zi hali sud tomonidan oshkor qilinmagan, biroq Florida janubiy okrugi sudining elektron ma’lumotlar bazasida ish tuhmat bilan bog‘liqligi ko‘rsatilgan. Ha, Tramp va voyaga yetmagan qizlarni zo‘rlash kabi juda jirkanch ishda ayblangan Jefrri Epshteynning ehtimoliy aloqalari haqidagi taxminlar umuman tugamasa kerak. Bu bir tomondan ora-sirada Ilon Maskning yodiga tushib qoladi, boshqa tomondan esa Amerikadagi nashrlarning tahririyatida paydo bo‘ladi. Ammo aniq faktlar, Epshteyn mijozlarining to‘liq ro‘yxati va unda yana kimlar borligi haqidagi ma’lumotlar hali hanuz ochiqlanganicha yo‘q.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr