Namanganda 521 bolaga 200 dollardan hayitlik berildi
Jamiyat
−
10:08 1175 1 daqiqa
Namangan viloyatida davlat qaramog‘idagi bolalarga 200 AQSH dollari miqdorida hayitlik mablag‘lari ajratildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Prezidentning “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–196-son qarori asosida joylarda keng ko‘lamli ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.
“Mazkur qarorga muvofiq, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatish, mehr va e’tiborni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, respublika bo‘yicha 8 mingdan ortiq yetim bolalar hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, O‘zbekiston sarhadlarini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan askarlarning farzandlari omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdorida mablag‘ o‘tkazilishi belgilangan.
Xususan, Namangan viloyatida 521 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning omonat hisobvaraqlariga ushbu mablag‘lar o‘tkazib berilgan.
Bildirilishicha, mazkur xayrli tadbirlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori asosida 50 nafarga yaqin bemorda yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazilgandi.
Live
Barchasi