Jahon banki O‘zbekistonga 50 mln dollar qarz beradi
Jamiyat
−
01 dekabr 2023
4776Jahon banki ijrochi direktorlari kengashi kecha, 30 noyabr kuni "O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik"loyihasini amalga oshirish uchun 50 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha hukumatning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda qishloq va chekka hududlardagi minglab yoshlarni raqamli ko‘nikmalarga o‘qitish va axborot texnologiyalariga asoslangan xizmatlar (ITES) sohasida ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
"Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanayatgan yangi loyiha O‘zbekistonga ITES xizmatlari sohasidan iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadlarida foydalanishga yordam beradi. Mamlakatning qishloq va chekka hududlarida istiqomat qiluvchi 30 yoshgacha bo‘lgan minglab yoshlarni o‘qitish maqsadini ko‘zlagan ushbu loyiha Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi IT-Park tomonidan amalga oshiriladi. Loyiha doirasida ushbu tayyorlov kurslaridan o‘tgan shaxslarni ishga oladigan ITES kompaniyalari uchun turli xil rag‘batlar taqdim yetiladi", degan Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.
Prognozlarga ko‘ra, 2029 yilda loyiha yakuniga kelib, ITES xizmatlari sohasida O‘zbekistonda 25 ming kishi ish bilan ta’minlanishi va 15 ming kishi turdosh sohalarda ish topish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Kelgusida butun mamlakat bo‘ylab zamonaviy ofis maydonlarini taklif qiluvchi 11 tagacha hududiy ITES markazlari ishga tushiriladi.
Ma’lumot uchun, loyiha chora-tadbirlari natijasida 240 ga yaqin yangi ITES kompaniyalari IT-Park rezidentlariga aylanadi va O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Jahon banki kelgusida O‘zbekiston iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni aytgandi.
LiveBarchasi