Zelenskiyning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan 4 kishining kimligi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
12:07 2314 5 daqiqa
Avvalroq, AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina yangi prezident saylashi kerakligini aytgandi. Uning bu bayonoti Ukrainaning amaldagi Prezidenti Vladimir Zelenskiyning siyosiy kelajagi va Kiyevda navbatdagi saylovlar qachon o‘tkazilishi haqidagi munozaralarni yana kuchaytirdi. “Newsweek” nashri Zelenskiy o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan to‘rt nafar siyosatchini sanab o‘tdi.
Nashr sanab o‘tgan Ukrainaning navbatdagi prezidenti bo‘lishi mumkin bo‘lgan nomzodlar orasida mamlakatning sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy, harbiy razvedka sobiq rahbari Kirill Budanov, sobiq mudofaa vaziri Mixaylo Fedorov va sobiq prezident Petro Poroshenko bor.
Nashr sanab o‘tgan birinchi nomzod – Valeriy Zalujniy. Ukraina Qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni, hozirda mamlakatning Buyuk Britaniyadagi elchisi bo‘lib ishlayotgan Valeriy Zalujniy Zelenskiyning asosiy siyosiy raqibi sifatida ko‘riladi.
Ukrainaning “Rating Group” tadqiqot tashkiloti joriy yilning 8 oktyabr kuni e’lon qilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ehtimoliy prezidentlik saylovida eng ko‘p ovoz to‘plashi mumkin bo‘lgan nomzodlar Zelenskiy va Zalujniydir. So‘rov ishtirokchilarining qariyb 23 foizi amaldagi prezidentga, 20 foizdan ko‘prog‘i, ya’ni har besh kishidan bittasidan ham ko‘prog‘i esa sobiq bosh qo‘mondonga ovoz berishini bildirgan.
Biroq Zalujniyga ishonch bildirganlar 64 foizni tashkil etgan. Zelenskiyga ishonishini aytganlar esa 53 foiz bo‘lgan. Zalujniy kelajakda prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkinligi haqidagi ko‘plab taxminlarga qaramay, bu borada ochiq bayonot berishdan tiyilib kelmoqda.
Saylovlar qanday natija berishini hozircha aytish qiyin. Biroq Uelsdagi Aberistuit universiteti xalqaro siyosat bo‘yicha katta o‘qituvchisi Jenni Metersning fikricha, urush davomida nomzodlar orttirgan obro‘ va ularning urushdagi hissasi saylovchilarning qarashlariga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Shu nuqtai nazardan, Valeriy Zalujniy eng qulay pozitsiyada bo‘lishi mumkin. Chunki u Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinining dastlabki ikki yilida qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni sifatida faoliyat yuritgan va bu davrdagi faoliyati keng jamoatchilikka ma’lum, umuman olganda, ijobiy baholangan”, degan Meters “Newsweek” nashriga.
Biroq ekspertning qo‘shimcha qilishicha, Zalujniy Kiyevning Londondagi elchisi sifatida ishlayotgan davrda jamoatchilik e’tiboridan ancha chetda qolgan.
Nashrning ikkinchi taxmini esa Kirill Budanov. U Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi rahbari sifatida tanilgan. Budanov qisqa vaqt ichida o‘tkir nigohi va Rossiya tomonidan yo‘q qilish uchun nishonga olingan eng muhim shaxslardan biri sifatida shuhrat qozongan. Budanov Rossiya tomonidan bir necha bor suiqasd uyushtirishga urinishlar bo‘lganini aytgan. Kiyev esa uning rafiqasi Marianna 2023 yil oxirida og‘ir metallar bilan zaharlanganini bildirgan.
General 2026 yil boshidan buyon Zelenskiy ma’muriyati rahbari lavozimida ishlamoqda. U prezidentlik saylovida qatnashishini aytmagan va siyosiy kelajagi haqidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri savollarga javob berishdan qochib kelmoqda.
“Rating Group” so‘roviga ko‘ra, ukrainaliklarning qariyb 53 foizi Budanovga ishonadi. Bu Zelenskiyga ishonch bildirganlar ulushi bilan bir xil. So‘rov ishtirokchilarining 6,7 foizi esa kelajakdagi prezidentlik saylovining birinchi bosqichida Budanovga ovoz berishini bildirgan.
Metersning aytishicha, Budanov Ukrainadagi urushni samarali boshqarish qobiliyati bilan tanilgan. Shu bilan birga, u kamgapligi bilan ham ajralib turadi.
Nashrning uchinchi taxmini – Mixaylo Fedorov. Atigi 35 yoshda bo‘lgan Fedorov bir necha yil davomida Ukrainaning dronlar yo‘nalishidagi siyosatiga mas’ul shaxslardan biri va bosh vazir o‘rinbosari sifatida ishlagan. 2026 yil yanvar oyida esa mudofaa vaziri etib tayinlangan.
Oradan olti oy o‘tib, Zelenskiy, Fedorov va o‘sha paytdagi Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni, general Aleksandr Sirskiy o‘rtasidagi keskin kelishmovchiliklar fonida u lavozimidan ozod etilgan.
Fedorovning ishdan olinishi Ukrainaning bir necha shahrida norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan. Keyinchalik u urush davrida saylov o‘tkazishga chaqirgan. Bu qadam Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon Zelenskiy hokimiyatiga qaratilgan eng jiddiy chaqiriqlardan biri sifatida baholangan.
Metersning fikricha, Fedorov lavozimidan ozod etilishidan oldin ham, undan keyin ham juda mashhur bo‘lgan. Biroq u ishdan bo‘shatilganidan keyin bildirgan noroziliklari bilan o‘z imkoniyatlariga zarar yetkazgan bo‘lishi mumkin.
“U mamlakat manfaatlaridan ko‘ra, o‘zining kelajakdagi siyosiy istiqbollari haqida ko‘proq qayg‘urayotgan shaxs sifatida ko‘rilishi xavfi bor”, degan ekspert.
“Rating Group” so‘roviga ko‘ra, respondentlarning qariyb 38 foizi Fedorovga ishonishini bildirgan. Taxminan 7,6 foizi esa birinchi bosqichda unga ovoz berishini aytgan.
Zelenskiyning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan navbatdagi shaxs – Petro Poroshenko. Petro Poroshenko 2014–2019 yillarda Ukraina prezidenti bo‘lgan. U bu lavozimni Rossiya Qrimni anneksiya qilgan va Moskva Ukrainaning sharqidagi Donetsk hamda Lugansk hududlarida separatistlarni qo‘llab-quvvatlay boshlagan davrda egallagan. Bu hududlar birgalikda Donbass deb ataladi.
Poroshenko 2026 yilda ham Ukraina parlamentidagi muxolifatchi deputat sifatida faoliyat yuritmoqda. U 2019 yilgi prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichida Zelenskiyga yutqazgan. O‘sha paytda siyosiy lavozimlarda ishlash tajribasiga ega bo‘lmagan Zelenskiy iqtisodiy qiyinchiliklar va korrupsiyadan charchagan saylovchilar orasida katta qo‘llab-quvvatlovga erishgan edi.
Poroshenko 2014 yilda Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovich hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin prezident etib saylangan. Yanukovichga qarshi norozilik namoyishlari mamlakat tarixiga Maydon inqilobi nomi bilan kirgan.
Dastlab Poroshenko jamoatchilik orasida katta qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lgan. Biroq keyinchalik korrupsiyaga qarshi kurash, oligarxlarning ta’siri va Rossiya bilan urush oqibatlarini bartaraf etishdagi qiyinchiliklar sabab uning reytingi pasaygan. 2021 yil oxirida Ukraina hukumati Poroshenkoga davlatga xiyonat qilish hamda mamlakat sharqidagi separatist kuchlarni moliyalashtirishga yordam berish ayblovlarini qo‘ygan. Poroshenko bu ayblovlarni rad etib, ularni siyosiy sabablar bilan izohlagan.
2022 yil yanvar oyida, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan bir necha hafta oldin, Poroshenko Kiyevdagi sud majlisida o‘z nomini oqlashga umid qilayotganini aytgan.
Zelenskiy 2025 yil fevral oyida Poroshenkoga nisbatan sanksiyalar joriy etgan. Ular qatorida uning aktivlarini muzlatish ham bor edi. Ukraina rasmiylari bu choralarni milliy xavfsizlik bilan izohlagan. Ukrainaning eng boy kishilaridan biri bo‘lgan Poroshenko mamlakatni Yevropaga yaqinlashtirish tarafdori bo‘lib kelgan. Prezidentlik lavozimini tark etganidan keyin ham u mamlakatdagi eng taniqli muxolifatchi siyosatchilardan biri bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya AQSHga yirik miqdorda dizel sotishini ma’lum qilgan edi. Trampning Putin bilan kelishuvi ham aynan dizel yonilg‘isi yetkazib berish va unga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish bilan bog‘liq. Shuningdek, Zelenskiy ushbu kelishuvni keskin qoralab, “ochiq zaiflik belgisi” deb atagan edi. Zelenskiyning ushbu fikrlaridan so‘ng Donald Tramp Vladimir Zelenskiy o‘rniga yangi rahbar saylash vaqti kelganini aytgandi. U Zelenskiyni Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga hujum qilish orqali jahon bozorida dizel yonilg‘isi ta’minotiga zarar yetkazayotganlikda ayblagan.
Live
Barchasi