Zelenskiyning do‘sti Ukrainadan qochib ketdi – OAV
Olam
−
08:45 5834 2 daqiqa
Ukrainada Prezident Vladimir Zelenskiyning yaqin do‘sti Sergey Shefir mamlakatni tark etdi. Bu haqda “Strana.ua” xabar berdi.
Ukraina OAVlari Sergey Shefirning Varshava aeroportida tushirilgan suratlarini tarqatgan. Xabarlarga ko‘ra, Kiyev rejimi rahbarining sobiq birinchi yordamchisi 17 fevral kuni Ukrainani tark etgan.
Ta’kidlanishicha, uning ketishi Ukrainadagi yirik korrupsiya ishlari bilan bog‘liq. Nashrlarga ko‘ra, u hibsga olinishidan qo‘rqib, mamlakatni tark etgan.
Ma’lumot uchun, Sergey Shefir – ukrainalik prodyuser, ssenariynavis va siyosiy arbob. U 1964 yil 25 mayda Ukrainaning Rog shahrida tug‘ilgan.
Shefir keng jamoatchilikka ko‘proq ijodiy faoliyati orqali tanilgan. U akasi Boris Shefir hamda Vladimir Zelenskiy bilan birga “Kvartal-95” studiyasining hammuassisi bo‘lgan. Ushbu studiya ko‘plab mashhur ko‘ngilochar dasturlar va seriallar, jumladan “Sluga naroda” (“Xalq xizmatkori”) loyihasini yaratgan. Mazkur serialda Vladimir Zelenskiy bosh rolni ijro etgan va keyinchalik Ukraina Prezidenti bo‘lgan.
2019 yilda Zelenskiy Prezident etib saylangach, Shefir Ukraina Prezidenti devonida birinchi yordamchi lavozimiga tayinlangan. U bu lavozimda siyosiy va tashkiliy masalalar bilan shug‘ullangan. 2021 yilda unga qarshi suiqasd uyushtirilgan: uning avtomobili o‘qqa tutilgan, biroq Shefir omon qolgan (haydovchisi yaralangan).
Keyingi yillarda Shefirning ismi turli siyosiy va korrupsiya bilan bog‘liq mojarolarda tilga olingan. 2024 yilda u Prezident devonidagi lavozimini tark etgani haqida xabarlar tarqalgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy haqidagi “Shoumen” kitobining muallifi, amerikalik jurnalist Saymon Shuster Zelenskiy bilan yangi katta intervyu asosida material e’lon qilgandi.