Zelenskiyni o‘ldirmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi
Olam
−
08 avgust 2023
18583Ukraina maxsus xizmatlari kecha, 7 avgust kuni mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiyga qarshi suiqasd uyushtirishda gumonlangan ayolni hibsga oldi. Bu haqda Ukraina Xavfsizlik xizmati xabar berdi.
“Xavfsizlik xizmati Ukraina prezidentining Nikolayev viloyatiga yaqinda amalga oshirilgan xizmat safari arafasida rejalashtirilgan tashrif haqida tezkor ma’lumot yig‘ayotgan Rossiya Federatsiyasi maxsus xizmatlari ma’lumotchisini qo‘lga oldi. Jinoyatchi davlat rahbarining taxminiy yo‘nalishi bo‘yicha vaqt va manzillar ro‘yxatini belgilashga uringan”, deyiladi Ukraina Ukraina Xavfsizlik xizmati xabarida.
Bayonotda aytilishicha, suiqasdda gumon qilinayotgan ayol Zelenskiy tashrif buyurgan Ochakiv shahridagi harbiy qismlardan birining hududidagi harbiy do‘konning sobiq sotuvchisi bo‘lgan. Ayol joriy yilning 1 avgust kuni hibsga olingan. Uning shaxsi hozircha oshkor qilinmayapti.
Qo‘lga olingan ayolga Rossiya razvedka xizmatlari Ochakiv viloyatida elektron urush tizimlari va Ukraina qurolli kuchlarining o‘q-dorilari saqlanadigan omborlar joylashuvini aniqlash vazifasini ham topshirgan. Bu esa Rossiya tomoniga keyinchalik Nikolayev viloyatiga havo hujumlarini uyushtirish uchun yordam berishi maqsad qilingandi.
“Razvedka ma’lumotlarini yig‘ish uchun u tuman hududini aylanib chiqdi va Ukraina harbiy ob’ektlari joylashgan yerlarni suratga oldi”, deyiladi xabarda.
Ayolga qo‘yilgan ayblov tasdiqlansa, u 12 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Zelenskiy Rossiyadan qaytarib olingan hududlarga va frontga yaqin joylarga tez-tez e’lon qilinmagan tashriflarni amalga oshirib turadi. Bunday safarlar Rossiyaning ehtimoliy hujumlari tufayli o‘ta ehtiyotkorlikni talab qiladi. Ukraina rahbari joriy yilning iyul oyi oxirida janubiy viloyatlar – Odessa va Nikolayevga ham borgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainada Zelenskiy vafot etgan taqdirda nima qilish bo‘yicha reja mavjudligi aytilgandi. Shuningdek, Ukraina Prezidentining o‘zi o‘ldirilgan taqdirda mamlakat favqulodda vaziyatda yetakchisidan mahrum bo‘lmasligi uchun reja tuzib qo‘yilganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi