Zelenskiy Ukraina uchun “qat’iyat rejasi”ni taqdim qildi. Unda nimalar bor?
Olam
−
19 noyabr
1741Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat mustahkamligini oshirish bo‘yicha o‘n banddan iborat yangi rejani taqdim etdi. Bu haqda u bugun, 19 noyabr kuni Ukraina Oliy Radasida qilgan nutqida ma’lum qildi.
“Konstitutsiya va qonunlar urush vaqtida saylovlar o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaydi. Hech kim dunyoda bunga talab qo‘ymayapti. Ukraina avvalo adolatli tinchlikka muhtoj, undan keyin ukrainaliklar adolatli saylovlar o‘tkazadi!” dedi Zelenskiy.
Quyida reja bo‘yicha asosiy bandlar keltiriladi:
Birlik. Prezident mamlakat ichida va tashqarisida birlashish muhimligini ta’kidlagan. Shuningdek, xalqaro hamkorlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlari va kuchaytirishlari kerak. Zelenskiyga ko‘ra, mamlakatdagi saylovlar faqat g‘alabadan keyin bo‘lib o‘tadi.
Front. Armiya boshqaruvidagi yondashuvlarni o‘zgartirish. Mudofaa vazirligi va harbiy qo‘mondonlik mobilizatsiya yoshiga yetmagan fuqarolar uchun yangi shartnoma tizimini taqdim etishi lozim. Harbiy ombudsman tayinlanadi. Mobilizatsiya yoshi pasaytirilmaydi.
Qurol. Ukrainada qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirish va sheriklar bilan hamkorlikni rivojlantirish. Texnologik shtab tashkil etiladi. Prezidentga ko‘ra, kelgusi yilda Ukraina kamida 30 ming uzoq masofali dron ishlab chiqaradi. Bundan tashqari, uch ming qanotli raketa va raketa-dronlar ishlab chiqarish vazifasi qo‘yilgan.
Energetika. Energetik barqarorlikni ta’minlash, atom elektr energiyasi ishlab chiqarishni kuchaytirish, energiyani oqilona iste’mol qilish va urushdan keyingi energetika sohasini bozor sharoitlariga moslashtirish. Yil oxirigacha barcha hududlar uchun energetik barqarorlik pasportlari tayyorlanadi. Bu band yopiq ilovaga ega.
Moliya. Rejaga qo‘shimcha ilova sifatida kiritiladi. U harbiy xavflarni sug‘urtalash, davlat boshqaruvining qisqartirilishi, YAIM taqsimoti ulushini kamaytirish va huquq-tartibot organlaridan biznesni himoya qilishni o‘z ichiga oladi.
Xavfsizlik. Boshpana standartlarini modernizatsiya qilish. Har bir maktab va boshqa davlat binolariga metall detektorlar o‘rnatilishi zarur. Davlat chegarasini mustahkamlash choralari ham ko‘zda tutilgan.
Jamiyat. Chegaraga yaqin va ko‘chirilgan aholini qabul qilgan hududlarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratiladi. Masalan, Xarkov shahriga xos soliq imtiyozlari boshqa hududlarga ham kengaytirilishi rejalashtirilgan.
Inson kapitali. Ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya sohalarida islohotlar amalga oshiriladi. Chet eldagi ukrain bolalari bilan aloqalarni saqlash maqsadida milliy madaniyatni targ‘ib qilish dasturlari qo‘llaniladi. 2025 yildan maktab o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish dasturi joriy etiladi.
Madaniyat. Davlat ukrain tilidagi madaniy kontentni rivojlantirish va uni boshqa tillarga tarjima qilishni qo‘llab-quvvatlaydi. Xorijdagi universitetlarda ukrainshunoslik bo‘yicha kafedralar tashkil etiladi.
Qahramonlar siyosati. Veteranlarni jamiyatga integratsiyalash va ularning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirish rejalashtirilgan. Reabilitatsiya markazlari kengaytiriladi va harbiy xizmatdan veteran maqomiga o‘tish jarayoni yaxshilanadi.
Reja Ukrainadagi jangovar ruhni mustahkamlash, iqtisodiy va harbiy barqarorlikni oshirish hamda tashqi yordamning potensial qisqarishi sharoitida o‘z kuchiga tayanish imkoniyatini ko‘rsatishga qaratilgan. Shu bilan birga, Zelenskiy Ukrainada mustaqil va mustahkam davlatni rivojlantirish yo‘lidan chekinmasligini ta’kidlagan.
LiveBarchasi