Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlariga yangi bosh qo‘mondon tayinladi
Olam
−
09 fevral
7714Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni lavozimidan ozod qildi va uning o‘rniga sharqiy frontdagi Ukraina qo‘shinlari guruhi qo‘mondoni, general-polkovnik Aleksandr Sirskiyni tayinladi. Bu haqdagi farmon Ukraina Prezidenti saytida e’lon qilindi.
“Bugundan boshlab Ukraina Qurolli kuchlarini yangi jamoa boshqara boshlaydi. Men general-polkovnik Sirskiyni Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni etib tayinladim”, deydi Zelenskiy videomurojaatida.
Zelenskiy Sirskiyni eng tajribali ukrainalik qo‘mondon deb atadi va u urush boshida Kiyevni muvaffaqiyatli mudofaa qilishga, keyin esa 2022 yil kuzida Xarkov viloyatida muvaffaqiyatli hujumga qo‘mondonlik qilganini aytdi.
“General Zalujniyga ikki yillik mudofaa uchun minnatdorman. Bugun biz armiyadagi o‘zgarishlarni nima talab qilishi haqida ochiq gaplashdik”, deydi Zelenskiy Zalujniy bilan uchrashuvi haqida.
Zalujniyning o‘zi ham Zelenskiy bilan uchrashuv haqida yozib, Prezident bilan muhim va jiddiy suhbat o‘tkazganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Valeriy Zalujniy Prezident Vladimir Zelenskiyning Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi lavozimini egallash taklifini rad etgani haqida xabar qilingandi. Keyinroq Ukraina rasmiylari Vashingtonni Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondonini ishdan bo‘shatish rejalari haqida ogohlantirgani aytildi.
LiveBarchasi