Zelenskiy sentyabrda Ukraina armiyasi qancha maydonni ruslardan ozod qilganini aytdi
Olam
−
09 Sentabr 2022
7901Joriy yilning 1 sentyabridan beri Ukraina Qurolli Kuchlari ming kvadrat kilometrdan ortiq maydonni Rossiyadan ozod qildi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
“Umumiy 1 sentyabrdan buyon ming kvadrat kilometrdan ortiq hududimiz ozod qilindi. Men barcha ukrainalik askarlardan, xalqimiz ozodligi uchun kurashayotgan har bir kishidan – janubda ham, sharqda ham, frontdagi janglarda ham, front chizig‘i orqasida g‘alabamizga hissa qo‘shganlardan minnatdorman. Yurtimizning ozod etilishi umumiy mudofaa rejasini aniq va o‘z vaqtida bajarganlarning xizmatidir”, deydi Zelenskiy kechagi an’anaviy videomurojaatida.
Shu bilan birga, Zelenskiy yana bir bor jamoatchilikni xabardor qiladigan va harbiy vaziyat haqida fikr bildiruvchi barchani harbiy voqealarning to‘liq suratini tahlil qilishga chaqirdi.
Zelenskiyning aytishicha, Ukrainadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish global oziq-ovqat xavfsizligini kafolatlaydi.
“Faqat bugun portlarimizdan Osiyo mamlakatlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ortilgan to‘rtta kema jo‘nab ketdi. Ushbu soatlarda 65 ming tonnadan ortiq bug‘doy ortilgan kema Sudan portiga kiradi. Kecha Keniya uchun bug‘doy yuk tashuvchi kema jo‘nadi – 50 ming tonnadan ortiq. Hozir Odessada Livan va Liviya uchun kemalar yuklanmoqda. “Yujniy” portida Hindistonga ketadigan kema yuklanishini kutmoqda... Ya’ni, Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini dengiz orqali eksport qilish geografiyasi juda keng”, deydi u.
Zelenskiyga ko‘ra, G‘alla eksporti tashabbusining har kunlik ishi don faqat Yevropaga ketayotgani haqidagi yolg‘onlarni rad etadi.
“G‘alla eksporti tashabbusining har kunlik ishi tom ma’noda Rossiyaning unga nisbatan yolg‘onini rad etadi. Ukraina turli qit’alardagi iste’molchilarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib beryapti. Aynan bizning yetkazib berishimiz global darajada oziq-ovqat xavfsizligini kafolatlaydi”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, Putin 7 sentyabr kuni Sharqiy iqtisodiy forumdagi nutqida Ukraina doni dastlab aytilganidek asosan nochor va rivojlanayotgan davlatlarga emas, Yevropaning rivojlangan mamlakatlariga jo‘natilayotganini qoralagandi. RF Prezidenti bu masalani Erdo‘g‘an bilan muhokama qilishini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Rossiya Milliy Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv Odessa, shuningdek, Chernomorsk va Yujniydan xavfsiz yo‘laklarni yaratishni nazarda tutadi. Ushbu kelishuv jahon bozorlariga kamida 25 million tonna don yetkazib berish imkonini beradi.
Kelishuv kuchga kirganidan keyin avgust oyida Ukraina portlaridan 1,67 million tonnadan ortiq oziq-ovqat eksport qilindi.
LiveBarchasi