Zelenskiy Saakashvili himoyasiga “otlandi”. Sobiq Prezident qanday ushlanganini aytib berdi
Olam
−
02 Oktabr 2021
11550Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvili kecha, 1 oktyabr kuni hibsga olinganda politsiya unga kuch ishlatmagan, uning o‘zi ham qarshilik ko‘rsatmagan. Bu haqda Gruziya Ombudsmani Nino Lomjariya ma’lum qildi.
“Saakashvilining aytishicha, u turar-joy kvartirasida hibsga olingan, u qarshilik ko‘rsatmagan va shuning uchun politsiya kuch ishlatmagan. Hibsga olish paytida Saakashvili yolg‘iz bo‘lgan, o‘zi politsiyaga eshik ochgan”, degan Lomjariya.
O‘z o‘rnida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ayni vaqtda Ukraina fuqarosi hisoblangan Mixail Saakashvilining Tbilisida hibsga olingani haqidagi xabardan xavotirda. Bu haqda uning Matbuot kotibi Sergey Nikiforov ma’lum qilgan.
"Biz Ukraina islohotlari milliy kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Mixail Saakashvilining hibsga olinishi haqidagi xabarlarni diqqat bilan kuzatmoqdamiz. Prezident Vladimir Zelenskiy bu kabi yangiliklardan xavotirda”, deb yozgan Nikiforov Facebook’dagi sahifasida.
Ta’kidlanishicha, Ukraina Gruziya tomoniga murojaat qilib, Ukraina fuqarosiga bunday munosabatda bo‘lingani uchun tushuntirish so‘raydi.
Qayd etilishicha, Ukrainaning Gruziyadagi elchixonasiga Saakashvilining hibsga olinishi haqida hozircha rasmiy ma’lumot kelmagan, biroq konsullar unga zarur yordam ko‘rsatilishi bilan shug‘ullangan.
Eslatib o‘tamiz, Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvili kecha, 1 oktyabr kuni vataniga qaytganida hibsga olindi. Biroz o‘tib, u hibsxonada ochlik e’lon qilgani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, Mixail Saakashvili 2004-2013 yillarda Gruziya Prezidenti bo‘lgan. Prezidentlik muddati tugashiga oz vaqt qolganida u mamlakatni tark etgan. Shundan so‘ng, unga nisbatan to‘rtta jinoiy ish ochilgan, ulardan ikkitasi bo‘yicha 2018 yilda hukm chiqarilgan:
• Tbilisi shahar sudi Saakashvilini 2006 yilda Gruziya Birlashgan banki xodimi Sandro Girgvlianining o‘ldirilishida sirtdan uch yilga ozodlikdan mahrum qilgan;
• o‘sha yilning iyun oyida sud 2005 yilda deputat Valeriy Gelashvilining kaltaklanishi ishi bo‘yicha sobiq Prezidentni olti yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
LiveBarchasi