Zelenskiy Rossiyani yana bir xalqaro vakolatdan mahrum qilishga chaqirdi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning Ukrainaga raketa zarbasi bergani sababli chaqirilgan Birlashlgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishida nutq so‘zladi. U yig‘ilish ishtirokchilarini Ukraina tinchlik formulasini qo‘llab-quvvatlashga va Rossiya agressiyasini qoralashga chaqirdi. 

Zelenskiy o‘z nutqida ta’kidlaganidek, Ukraina Xavfsizlik Kengashiga energiya terrorining har qanday shaklini qoralovchi rezolyutsiya qabul qilishni taklif qilmoqda. 

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomini qo‘llab-quvvatlovchilarning barchasining munosabati zarur. Ukraina, Yevropa va bu agressiya oqibatlaridan jabr ko‘rayotgan barcha xalqlar xavfsizligini ta’minlash kerak”, deydi Zelenskiy. 

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya dunyoga terror, beqarorlik va dezinformatsiyadan boshqa narsani taklif qilmayapti. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaning har qanday formulalarida boshqa hech narsa nazarda tutilmagan. U Ukraina tinchlik formulasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan. 

“Terrorchi davlat vakili endi sizga nima deyishi mumkin? Tinch aholi o‘z raketalaridan aziyat chekmaydimi? Hammasi aniq. Hammasi juda aniq. Insoniyat va hayotni himoya qilish yo‘lida aniq qadamlar tashlashga chaqiraman! Xavfsizlik Kengashi BMT Nizomining 7-bo‘limiga muvofiq terrorchi davlatning harakatlariga aniq baho berishi kerak”, deya qo‘shimcha qildi Ukraina Prezidenti.

Zelenskiy, shuningdek, Rossiyani Xavfsizlik kengashi qarorlari ustidan veto huquqidan mahrum qilishga chaqirdi. Uning fikricha, bu choralar BMT tuzilmasi doirasida adolatni tiklaydi.

Bu Rossiyaga qarshi birinchi chaqiriq emas. Joriy yilning 22 sentyabr kuni Zelenskiy BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida video aloqa orqali chiqish qilib, Rossiyani Xavfsizlik Kengashidagi veto huquqidan mahrum qilishga chaqirdi. Uning fikricha, Rossiyaga nisbatan bu jazo “tinchlik formulasi”ning bir qismidir.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 noyabr kuni Strasburgda Yevropa Ittifoqi parlamenti Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzi tufayli Rossiyani terrorizmning homiysi sifatida tan olish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Qarorni 494 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, 58 nafari qarshi, 44 nafari betaraf qoldi. 


Maqola muallifi

Teglar

BMT Vladimir Zelenskiy Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

99

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing