Zelenskiy rossiyalik jurnalistlarni jazolashga va’da berdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Qurolli kuchlarining Ukraina hududidagi harbiy operatsiyasi vaqtida harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan rossiyalik ommaviy axborot vositalari xodimlarini “jazolash”ga va’da berdi. 

Kecha, 28 iyun kuni Ukraina Prezidenti idorasi tomonidan e’lon qilingan kechki videomurojaatda Zelenskiy yaqinda BMTda qanday nutq so‘zlaganini tasvirlab berdi va Rossiya harbiylarining Ukrainadagi harakatlarini ko‘rib chiqish uchun tribunal yaratishga chaqirdi.  

“Men ushbu terror haqida yolg‘on gapirgan, Rossiya armiyasining harakatlarini oqlashga urinayotgan rossiyalik targ‘ibotchilarning javobgarligi haqida alohida aytmoqchiman. Har biringiz jazolanasiz”, degan Zelenskiy. 

Ukraina Prezidenti rossiyalik ommaviy axborot vositalari xodimlarini qanday “jazolash” niyatida ekanligiga aniqlik kiritmagan. 

Avval xabar berganimizdek, Zelenskiy BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida videokonferensaloqa vositasi orqali nutq so‘zladi. U Rossiyani “terrorchi davlat” deb tan olish, BMT Xavfsizlik Kengashidan chiqarib yuborish va uning harakatlarini ko‘rib chiqish uchun “tribunal” tuzishga chaqirdi. BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi Ukraina tashabbusi bilan raketa hujumlari masalasini ko‘rib chiqish uchun chaqirilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 iyun kuni Poltava viloyati Kremenchug shahriga Rossiya aerokosmik kuchlari tomonidan hujum amalga oshirildi. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, raketa zarbasi Kremenchugdagi AQSH va Yevropa Ittifoqi davlatlaridan keltirilgan qurol-yarog‘lar omboriga berilgan. Buning oqibatida ombor yaqinidagi savdo markaziga o‘t ketgan. Kiyev esa raketa hujumi savdo markaziga berilgani, bu vaqtda do‘konda odamlar bo‘lganini aytmoqda. Voqeadan so‘ng, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ukrainaga nisbatan “havo hujumlari va artilleriya o‘qlarining yangi to‘lqini” haqida xavotirli bayonot berdi. 

BMTning Ukrainadagi gumanitar yordam koordinatori Osnat Lubrani Kremenchugga qilingan hujum bo‘yicha mustaqil tergov o‘tkazish va aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Zelenskiy Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

98

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing