Zelenskiy Rossiya muzokaralar uchun berilgan vaqtni nimaga sarflayotganini aytdi

Olam

image

Rossiya Prezidentlar darajasidagi uchrashuvga tayyorgarlik uchun ajratilgan vaqtni yangi keng ko‘lamli hujumlarga tayyorgarlik ko‘rishga sarflamoqda. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun, 30 avgust kuni Telegram-kanalida yozib qoldirdi. 

Davlat rahbarining iddao qilishicha, Rossiya yana bir bor hech kimning so‘ziga e’tibor bermasligini ko‘rsatmoqda. U, shuningdek, urush qog‘ozdagi bayonotlar bilan to‘xtamasligini, buning uchun aniq va foyda beradigan choralar zarurligini bildirgan. U AQSH, Yevropa va butun dunyodan amaliy harakatlarni kutayotganini aytgan. 

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, urushni diplomatik yo‘l bilan tugatishning yagona yo‘li – Rossiya armiyasini moliyalashtirayotganlarga qarshi qattiq iqtisodiy choralar ko‘rish va Moskvaga nisbatan samarali bank-moliya hamda energetika sanksiyalari qo‘llash sanaladi.

Zelenskiyning aytgani kabi Rossiya qo‘shinlari qayta-qayta Ukraina hududlariga zarba yo‘llamoqda. Misol uchun, 30 avgustga o‘tar kechasi Ukrainaga dronlar va raketalar bilan hujum uyushtirdi. Hududiy hokimiyatlarning xabar berishicha, ko‘plab viloyatlarda havo hujumi xavfi e’lon qilingan. Buning ortidan esa mahalliy fuqarolar vafot etgan va ko‘pchilik jarohatlangan. Qolaversa, ushbu hujum mamlakatdagi uysizlar sonining o‘sishi uchun “beminnat hissasi”ni qo‘shgan. 

Ukraina Qurolli kuchlarining ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya bir kechada jami 600 ga yaqin havo hujum vositasidan foydalangan. Shulardan 537 tasi dron, 8 ta ballistik raketa va 37 ta turli turdagi qanotli raketalar bo‘lgan. Ukraina havo mudofaasi 510 ta dron, 6 ta ballistik va 32 ta qanotli raketani urib tushirgan. Shunga qaramay, 5 ta raketa va 24 ta zarba beruvchi dron nishonga yetib borgan, ayrim joylarga ularning parchalari tushgan.

Bundan ikki kun oldin esa Rossiyaning Kiyevga qilgan hujumi oqibatida 22 kishi halok bo‘lgan, ular orasida 2 yoshli chaqaloq va uch nafar o‘smir ham bor edi. Qurbonlar soni ortgan, 29 avgust kuni Kiyevda motam kuni deb e’lon qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya tomoni uchrashuvlar va kelgusidagi muzokaralar yuzasidan salbiy signallar berayotganini aytgandi. Zelenskiy Rossiya hujumlari oqibatida Ukraina shaharlari va qishloqlarida qurbonlar tinimsiz ko‘payotganini ta’kidlagan. Zelenskiyning fikricha, Moskvaning bu qadamlariga G‘arb davlatlari kuchliroq sanksiyalar bilan javob qaytarishi lozim.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing