Zelenskiy Putinning 9 may sulhini rad etdi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan 7 maydan 11 maygacha mo‘ljallangan uch kunlik otashkesim taklifini rad etdi. Bu haqda “Interfaks-Ukraina” xabar berdi.

Zelenskiyning aytishicha, bu tashabbus Rossiyaning xalqaro izolyatsiyadan chiqayotgandek ko‘rinishini yaratishga qaratilgan “teatr sahnasi”.

Uzoq davom etmaydigan sulh taklifiga javoban Ukraina tomoni AQSH tomonidan ilgari surilgan strategiyaga muvofiq 30 kunlik otashkesimni talab qilmoqda.

“30 kunlik sinov qilaylik. Nega aynan 30 kun? Chunki uch, besh yoki yetti kunda hech qanday jiddiy masala bo‘yicha kelishib bo‘lmaydi”, dedi Zelenskiy.

Shuningdek, u 9 may kuni Moskvadagi bayram tadbirlariga tashrif buyuradigan davlat rahbarlari xavfsizligi uchun Kiyev hech qanday kafolat bermasligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, Vladimir Putin 28 aprel kuni 9 may munosabati bilan otashkesim e’lon qilgan edi. Kreml bayonotida gumanitar sabablarga ko‘ra, 7 may soat 00:00 dan 11 may soat 00:00 gacha Rossiya tomoni otashkesim e’lon qilishi, bu davr mobaynida barcha jangovar harakatlar to‘xtatilishi aytilgan.

Zelenskiy esa bu taklifni avval boshidanoq “manipulyatsiya urinishlari” deb atagan.  

Rossiya rahbari ilgari ham Pasxa bayrami munosabati bilan ham otashkesim e’lon qilgan bo‘lib, o‘shanda jangovar harakatlar 19 aprel soat 18:00 dan 21 aprel soat 00:00 gacha to‘xtatilgan edi. Zelenskiy dastlab bunga qo‘shilmagan bo‘lsa-da, oradan bir necha soat o‘tib rozilik bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing