Zelenskiy Putin bilan murosa qilishi kerak – Lukashenko
Olam
−
28 noyabr 2022
4312Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko Kiyev Rossiya Federatsiyasi bilan muzokara olib borishi va murosaga kelishi kerak, deb hisoblaydi. Bu haqda u “Rossiya-1” telekanalining “Moskva. Kreml. Putin” dasturida ma’lum qildi.
“Xo‘sh, siz oldindan shart qo‘ya olmaysiz. Muzokaralar stoliga o‘tiring va u yerda barcha shartlarni qo‘ying. Ikkinchi tamoyil esa klassik – murosa. Rossiya buni tushunadi. Ukraina buni tushunadimi? Xo‘sh, yaqin kelajakda ko‘ramiz”, deydi u.
Belarus davlati rahbari har qanday ijobiy natijaga erishish uchun oldinga intilish muhimligini qayd etdi.
Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy muzokaralar jarayonining klassik tamoyillarini buzmoqda, bu ayniqsa, Rossiya Federatsiyasi kabi yirik davlat bilan muzokaralar chog‘ida yaqqol seziladi.
Uning ta’kidlashicha, muzokaralar stoliga o‘tirishni istamaslik Ukraina rahbariyatining shaxsiy xohishi emas, balki tashqaridan majburlovdir.
“Zelenskiyga shunchaki imkoniyat berilmayapti – u nima demasin – unga Rossiya Federatsiyasi bilan muloqot o‘rnatish imkoniyati berilmayapti”, deydi Lukashenko.
Ma’lumot uchun, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 4 oktyabr kuni Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan muzokara olib borish mumkin emasligi haqidagi qarorini ijro etdi. O‘z navbatida, 31 oktyabr kuni Rossiya rahbari Ukraina bilan hech qanday kelishuvni muhokama qilish imkoniyatini ko‘rmayotganini aytdi. Biroq, Putin ta’kidlaganidek, Moskvaning muzokaralar uchun yaxshi niyati ma’lum va o‘zgarmasdir. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti kelishuvlarga erishish uchun “muzokaralar stoliga o‘tirib, muzokaralar olib borish” zarurligiga e’tibor qaratdi.
Eslatib o‘tamiz, 23 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham nutq so‘zladi. U yig‘ilish ishtirokchilarini Ukraina tinchlik formulasini qo‘llab-quvvatlashga va Rossiya agressiyasini qoralashga chaqirdi.
LiveBarchasi