Zelenskiy Oq uyda: AQSH va Ukraina ikkita masala bo‘yicha bayonot imzoladi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 1 sentyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan Oq uyda muzokara o‘tkazdi.  

Ikki yil tayyorgarlik ko‘rilgan AQSH-Ukraina sammiti Afg‘oniston bo‘yicha maslahatlashuvlar tufayli bir kunga qoldirilgandi. Uchrashuvda Bayden AQSH Rossiya tajovuziga qarshi Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini ta’minlashga qatiy sodiqligini ta’kidlagan. 

“Bugun biz AQSH Ukrainani demokratik islohotlar dasturida oldinga siljishda qo‘llab-quvvatlashda qanday davom etishi mumkinligini muhokama qilamiz”, degan Bayden muzokaralar boshlanishidan oldin. 

Shu nuqtai nazardan, Prezident Bayden xavfsizlik masalalari, iqtisodiy hamkorlik va COVID-19 bilan kurash choralarini ta’kidlagan. 

Vladimir Zelenskiy AQSH Prezidentiga taklif uchun minnatdorlik bildirgan va Ukraina, xususan, Donbassdagi muammolar, shuningdek, Rossiya bilan mahbuslar almashinuvi masalalariga to‘xtalgan. 

Jo Bayden bilan suhbatdan keyin Vladimir Zelenskiy qonun chiqaruvchilar — Kongressdagi Ukraina guruhi a’zolari va AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. 

Pentagon rahbari Prezident Zelenskiyni Ukraina mustaqilligining 30 yilligi bilan tabriklagan, shuningdek “Rossiya tajovuziga qarshi” ukrain xalqini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. 

AQSH ma’muriyatining yuqori lavozimli amaldorlariga ko‘ra, Zelenskiyning Vashingtonga tashrifi “AQSHning Ukraina suvereniteti, hududiy yaxlitligi va Yevroatlantik intilishlariga sodiqligini” namoyish etish uchun mo‘ljallangan. 

O‘tgan hafta Bayden ma’muriyati Kongressga Kiyevga qo‘shimcha 60 million dollarlik xavfsizlik yordami, shu jumladan harbiy raketalar, Javelin tankga qarshi tizimlari va mudofaa tizimlarini yuborishini ma’lum qilgandi.

Ma’muriyatga ko‘ra, AQSH hukumati bu yil Ukraina sharqidagi Rossiya bilan ziddiyatdan zarar ko‘rgan odamlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 45 million dollarlik gumanitar yordam ham taqdim etadi. 

Ta’kidlanishicha, ushbu muloqotda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha boshqa tashabbuslarni ko‘rib chiqish, shuningdek “Shimoliy oqim-2” loyihasi ta’sirini minimallashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlar orqali energiya xavfsizligiga investitsiyalarni jalb qilish kabi masalalar muhokama qilingan.

AQSH Energetika vazirligiga ko‘ra, ikki mamlakat rasmiylari energiya va iqlim masalasida hamkorlik qilish niyatida bayonot imzolagan. 

Shuningdek, muzokaralar davomida Ukrainaning NATOga qo‘shilishi masalasi ham muhokama qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 31 avgust kuni AQSHga kelgandi.  

Ma’lumot o‘rnida, Zelenskiy 2019 yil kuzda rasmiy tashrif bilan AQSHda bo‘lib, BMTning Bosh assambleyasida so‘zga chiqqan va AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashgandi. Biroq, Zelenskiy hali Oq uyda bo‘lmagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Zelenskiy Bayden

Baholaganlar

106

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing