Zelenskiy NATO a’zoligi uchun urushni to‘xtatishga tayyorligini aytdi
Olam
−
30 noyabr
5782Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatning NATOga a’zo bo‘lishi uchun Rossiya bilan urushni to‘xtatishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda u kecha, 29 noyabr kuni “Sky News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu keyinchalik bosib olingan hududlarni diplomatik yo‘l bilan qaytarish bo‘yicha kelishib olish imkonini beradi.
“Agar biz urushning qizg‘in bosqichini to‘xtatmoqchi bo‘lsak, nazoratimiz ostidagi Ukraina hududi NATOga a’zo bo‘lishi kerak”, degan Ukraina rahbari.
Ukraina Prezidentining fikricha, alyansga qo‘shilish mamlakatni Rossiyaning keyingi agressiyasidan himoya qilishni kafolatlaydi. Shuningdek, u xalqaro xavfsizlik kafolatlarisiz oddiy o‘t ochishni to‘xtatish faqat rasmiy Moskva pozitsiyasini mustahkamlashi va Ukrainaning boshqa yerlari ham tortib olinishiga olib kelishi mumkinligini bildirgan.
Zelenskiy Ukrainaning kelajakdagi xavfsizligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri NATOga qo‘shilish bilan bog‘liqligini aytgan. Uning fikricha, barcha hududlar harbiy yo‘l bilan ozod etilmasa ham, alyansga a’zolik diplomatik yo‘llar bilan bosib olingan hududlarni qaytarishga yordam beradi. Prezident Ukraina xalqaro tan olingan chegaralari, jumladan, anneksiya qilingan Qrim hududida NATOga taklif qilinishi kerakligiga ishonch bildirgan.
Ma’lumot uchun, Prezident devoni tomonidan tayyorlangan va uzoq vaqt davomida sir tutilgan “g‘alaba rejasi”ning birinchi bandida ham Ukrainani NATOga taklif qilish lozimligi qayd etilgan. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainani NATOga taklif qilish fakti butun dunyo uchun asos bo‘lishi mumkin, shuningdek, Putin uchun uning geosiyosiy hisob-kitoblari yutqazayotganining isboti bo‘lishi mumkin. Zelenskiy, shuningdek, Ukrainaning NATOga qo‘shilishi masalasida hamkorlarning qat’iyligi Yevropa integratsiyasi muqarrarligini anglatishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy uning mamlakati yaqin besh yil ichida Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishiga ishonch bildirgandi. Prezident Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishining muhim masalalari bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga umid bildirgandi.
LiveBarchasi