Zelenskiy musulmon harbiylar bilan birga iftorlik qildi (foto, video)

Olam

image

Kecha, 25 mart kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi munosabati bilan uyushtirilgan iftorlik dasturxonida qatnashdi va Islom diniga e’tiqod qiluvchi ukrainalik harbiy xizmatchilarni taqdirladi. Bu haqda mamlakat Prezidentining axborot xizmati ma’lum qildi.

“Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Islom diniga e’tiqod qiluvchi ukrainalik harbiylar, Qrim-tatar xalqi majlisi rahbarlari, musulmon jamoatchiligi va ruhoniylar bilan birgalikda musulmonlar uchun muqaddas hisoblanuvchi Ramazon oyida o‘tkaziladigan iftorlik – kechki ovqatda ishtirok etdi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, tadbir Qrim musulmonlari diniy boshqarmasi hududida bo‘lib o‘tgan va Ukraina Prezidenti tomonidan o‘tgan yildan davlat darajasida boshlangan iftorlik an’analarining davomi sifatida baholangan.

“O‘tgan yili biz yangi an’anani boshladik – muqaddas Ramazonni keng nishonlaymiz. Davlatimiz siyosiy rahbariyati, harbiy qo‘mondonligi, bizning Ukraina musulmon jamiyati vakillari, Qrim-tatar xalqi majlisi, diplomatik korpus – hamma birgalikda bugun bir tarkibda, bu yerda o‘tirganimizdan juda xursandman. Birlik har doim muhim”, degan Vladimir Zelenskiy.

Ukraina rahbari har bir musulmon askarlarini, Ukraina mudofaa va xavfsizlik kuchlarining bir qismi sifatida mamlakatning mustaqilligini himoya qilayotgan barcha harbiylarni Ramazon bilan tabriklagan, Butun Ukrainani, Qrimni ozod qilinishga bel bog‘lagan askarlarga ko‘rsatayotgan jasorati uchun minnatdorlik bildirgan.

Qolaversa, Zelenskiy jangovar harakatlar tufayli normal hayot va xavfsizlikdan mahrum bo‘lgan xalqlar: Suriya, G‘azo, Liviya, Sudandagi odamlarga tinchlik va osoyishtalik tilagan.

“Urush oqibatida uylari vayron bo‘lgan barcha xalqlarga tinchlik tilaymiz. Biz davlatimiz, Ukraina va boshqa barcha xalqlar uchun adolat tilaymiz. Ushbu Ramazon oyi barchamizni - xalqimizni, davlatimizni g‘alabaga yetaklasin. Va bizning birligimiz o‘zgarmas bo‘lsin", deya qo‘shimcha qilgan u.

Qrim-tatar xalqi yetakchisi Mustafo Jamil ham Ukraina Prezidentiga, yig‘ilganlarning barchasiga, shuningdek, bugun qo‘llarida qurol bilan mamlakatni himoya qilayotgan askarlarga o‘z minnatdorligini bildirgan.

“Siz endi nafaqat fuqarolik, balki diniy burchingizni ham bajaryapsiz. Zero, Islom dini tamoyillariga ko‘ra, Vatan uchun urush qilish har bir musulmon uchun burchdir”, degan u.

Iftorda shuningdek: Qrim-tatar xalqi majlisi raisi Refat Chubarov va parlamentning boshqa a’zolari, Ukraina Prezidentining Qrim Avtonom Respublikasidagi doimiy vakili Tamila Tasheva, Qrim Respublikasi musulmonlari diniy boshqarmasi muftiysi Shayx Ayder Rustamov, Turkiya, O‘zbekiston, Turkmaniston, Falastin, Misr, Liviya Respublikasi, Pokiston, Indoneziya, Janubiy Afrika Respublikasi, Ozarbayjon, Jazoir, Sudan, Qatar, Iroq, Qirg‘izistonning Ukrainada akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari vakillari, madaniy va jamoat arboblari ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Bishkek markaziy masjidida namozxonlar bilan, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Milliy qurultoy ishtirokchilari bilan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namanganda keng jamoat bilan iftorlik qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

harbiylar Vladimir Zelenskiy iftorlik Mustafo Jamil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing