Zelenskiy Mudofaa vaziri lavozimiga O‘zbekistonda tug‘ilgan Rustam Umarov nomzodini ko‘rsatdi
Olam
−
04 Sentabr 2023 19030 2 daqiqa
Zelenskiy Mudofaa vazirini o‘zgartirishga qaror qildi. Bu haqda RBK xabar berdi.
Ukraina Prezidenti Oliy Radaga Mudofaa vaziri Aleksey Reznikovni Rustam Umarov bilan almashtirishni taklif qildi.
Reznikov Mudofaa vazirligini 2021 yildan buyon boshqarib kelmoqda. Uning ehtimoliy iste’fosi haqidagi xabarlar fevral oyida – harbiylar uchun mahsulotlarni oshirilgan narxlarda sotib olish bilan bog‘liq mojarolardan so‘ng paydo bo‘ldi.
Zelenskiy Oliy Radaga Aleksey Reznikov o‘rniga Davlat mulk jamg‘armasi rahbari – Rustam Umarovni tayinlash taklifini berdi.
"Ukraina Mudofaa vaziri Aleksey Reznikov o‘z lavozimini tark etishi kerak. Departamentga harbiylar bilan ishlashda yangicha yondashuv va samarali formatlar darkor. Vazirlik boshqaruvi uchun ko‘proq Rustam Umarov munosib. Ukraina Oliy Radasi bu odamni juda yaxshi biladi va janob Umarovni ortiqcha tanishtirishning hojati yo‘q. Parlamentdan ushbu nomzodni qo‘llab-quvvatlashlarini kutaman”, degan Zelenskiy.
Reznikov “Babel” portalida Prezidentning tashabbusini sharhlar ekan: “Bundan xabarim yo‘q”, deyish bilan cheklangan.
Ma’lumot o‘rnida, Rustam Umarov 1982 yilda Samarqandda Qrim yarim orolidan kelgan qrim-tatar musulmonlari oilasida tug‘ilgan. Otasi Anvar Umarov texnologik muhandis, onasi Maryam Umarova kimyo muhandisi bo‘lgan. Umarovlar oilasi 1944 yil 18 mayda sovet hukumati tomonidan qrim-tatar xalqi bilan birga o‘z vatanidan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. 2015 yilda Oliy Rada bu deportatsiyani qrim-tatar xalqining genotsidi deb tan olgan. 1980 yillarning oxiri va 1990 yillarning boshlarida Umarovlar oilasi Ukrainaga qaytgan.
Repatriatsiya (vataniga qaytgani)dan so‘ng, u Qrim gimnaziyasini “American Future Leaders Exchange” dasturi bo‘yicha stipendiya bilan tamomlagan. Milliy boshqaruv akademiyasida (Ukraina) iqtisod bo‘yicha bakalavr va moliya bo‘yicha magistr darajasini olgan.
2000 yillarda Umarov biroz advokatlik bilan ham shug‘ullangan. 2013 yilda ukasi bilan birgalikda ASTEM investitsiya kompaniyasi va ASTEM Foundation xayriya jamg‘armasiga asos soldi. 2019 yilda “Holos” partiyasidan Oliy Radaga saylangan. 2022 yildan beri Ukraina Davlat mulk jamg‘armasi raisi vazifasida faoliyat yuritib keladi.
Shuningdek, u 2022 yilning bahorida Rossiya bilan muzokaralar olib borgan Ukraina delegatsiyasi a’zolaridan biri bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mudofaa vaziri Aleksey Reznikov Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi etib tayinlanishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
Akobir Sayidov
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr