Zelenskiy Erondagi urush Ukrainaga qurol yetkazishga ta’sir qilishidan xavotirda
Olam
−
03 mart 9843 2 daqiqa
Yaqin Sharqda uzoq davom etadigan urush Ukrainaga qurol yetkazib berishga ta’sir qilishi mumkin. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “Deutsche Welle” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, hozircha Ukraina ittifoqchilardan kelayotgan qurol yetkazib berish hajmida kamayish kuzatilmayapti.
“Hozircha ta’sirni ko‘rayotganimiz yo‘q. Kutganimizdek bo‘lgan yetkazib berishlar kamaymadi, lekin faqat bir kun o‘tdi, shuning uchun xulosa chiqarish erta”, degan u.
Shu bilan birga, Prezident Yaqin Sharqda uzoq davom etadigan harbiy mojaro yuzaga kelsa, xavflar ortishi mumkinligini tan olgan. U bunday holat qurol yetkazib berishga ta’sir qilishiga ishonishini bildirgan.
Zelenskiy, shuningdek, Ukraina xalqaro vaziyat murakkablashgan taqdirda ham o‘z mudofaa ishlab chiqarishini barqaror moliyalashtirish ustida ishlayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat Yevropa Ittifoqi tomonidan ajratilishi rejalashtirilgan 90 milliard yevro miqdoridagi yordamning bloklanib qolmasligi uchun harakat qilmoqda.
Yaqin Sharqda, jumladan Erondagi urush Rossiya va uning Prezidenti Vladimir Putin uchun ham siyosiy jihatdan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Zelenskiyning fikricha, Rossiyaning mintaqadagi ta’siri cheklangan, chunki uning harbiy resurslari deyarli to‘liq Ukrainadagi urushga yo‘naltirilgan.
Prezident, shuningdek, Rossiyaning Suriya siyosati haqida gapirib, Suriyadagi Bashar Asad rejimini qo‘llab-quvvatlashda Moskva yetarli kuch ko‘rsata olmaganini ta’kidlagan.
Zelenskiyning fikricha, Xitoyning mojaroni tugatish jarayoniga jalb etilishi muhim. Uning aytishicha, Pekinni urushni davom ettirish emas, balki uni to‘xtatishga hissa qo‘shish jarayoniga qo‘shish lozim. Prezident Xitoy rahbari qurol, ikki tomonlama maqsadli tovarlar va boshqa sohalarga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytgan.
Live
Barchasi