Zelenskiy Bolgariyadan so‘ng Chexiyaga bordi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 6 iyul kuni kechqurun Bolgariyadagi tashrifini yakunlab, kutilmaganda Chexiyaga bordi. Bu haqda uning Telegram-kanalida ma’lum qilindi.

Mahalliy “ČT24” telekanali Zelenskiyning samolyoti Pragaga qo‘nganini ma’lum qilgan. Unga parvoz davomida ikkita Gripen qiruvchi samolyoti hamrohlik qilgan. Ukraina rahbari Chexiya poytaxtiga qo‘nishi bilan ushbu mamlakat Prezidenti Petr Pavelning Praga qal’asidagi qarorgohiga yo‘l olgan.

Zelenskiy Chexiya rahbari bilan uchrashuvda Ukrainaning qarshi hujumi kutilganidek tez bo‘lmayotganini tan olgan.

“Hujum tez emas, bu haqiqat. Lekin shunga qaramay, biz rossiyaliklar kabi chekinmayapmiz, oldinga boryapmiz”, deydi u Petr Pavel bilan uchrashuvdagi qo‘shma matbuot anjumanida.

Chexiya Prezidenti esa o‘zining Twitter sahifasida Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar shu yilning oxirigacha boshlanishiga umid bildirgan.

“Urush tugashi bilan Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni boshlashi Chexiyaning manfaatlariga mos”, deya qo‘shimcha qilgan Petr Pavel.

Zelenskiyning Pragaga tashrifi kun tartibidan Prezident Petr Pavel, Bosh vazir Petr Fiala va Chexiya parlamenti palatalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘rin olgan. Shuningdek, u hukumat va parlament a’zolari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazadi.

“E’tibor mudofaani qo‘llab-quvvatlash, Ukrainaning Yevropa va Yevroatlantika integratsiyasi va Vilnyusdagi NATO sammiti, Zaporoje atom elektr stansiyasi atrofidagi vaziyat, Tinchlik formulasini amalga oshirish, Ukrainani tiklashga qaratilgan”, deyiladi Zelenskiyning Telegram-kanalidagi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 6 iyul kuni Vladimir Zelenskiy davlat tashrifi bilan Bolgariyaga borgandi. U shuningdek, bugun, 7 iyulda Istanbulga Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashish uchun ham borishi kutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Zelenskiyning Yevropa davlatlariga amalga oshirayotgan ketma-ket tashriflari ularni kelasi hafta, 11 iyul kuni Vilnyusda boshlanadigan NATO sammiti oldidan Ukrainani tashkilotga a’zolik nomzodini qo‘llab-quvvatlashga undashga qaratilgan. Shuningdek, yana bir asosiy urg‘u Ukrainaning davom etayotgan qarshi hujumini kuchaytirish uchun yangi qurol-yarog‘larni yetkazib berishga Yevropa yetakchilarini ko‘ndirishga berilgan. Uning Turkiyaga safari davomida esa muzokaralar markazida Rossiya bilan tuzilgan Don yo‘lagi kelishuvi muddatini uzaytirish masalasi bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Chexiya Zelenskiy Bolgariya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing