Zelenskiy Blinkenga Xarkovni himoya qilish uchun nima kerakligini aytdi
Olam
−
14 may
9521Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun, 14 may kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvda Xarkov va mintaqani himoya qilish uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari, xususan Patriot zarurligini aytdi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.
Zelenskiy havo hujumidan mudofaa Ukraina uchun "eng katta kamomad va eng katta muammo" ekanini ta’kidladi.
"Hozirda bizga Xarkov va mintaqa uchun ikkita Patriot kerak, chunki u yerdagi odamlar hujum ostida va ular bundan juda xavotirda", deydi Zelenskiy.
O‘z navbatida, Blinken Ukraina “og‘ir kunlarni boshidan o‘tkazayotganini”, ammo AQSHdan ajratilgan yordam allaqachon yo‘lda ekanligini va tez orada yetkazilishini aytdi.
“Blinken Zelenskiyga yangi qurol paketi kelayotganini va undan ham ko‘proq yuborilishini, bu esa frontdagi vaziyatni o‘zgartirishini aytdi”, deb xabar berdi “Reuters”.
Shuningdek, Davlat kotibi Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning vaqt o‘tishi bilan "iqtisodiy, harbiy va demokratik jihatdan" mustaqil bo‘lishini istashini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 10 may kuni Rossiya harbiylarining Xarkov viloyati chegarasiga hujumi boshlangandi. Prezident Vladimir Zelenskiy G‘arbdagi hamkorlarini Ukraina himoyachilariga va’da qilingan qurollarni o‘z vaqtida yetkazib berishda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi. AQSH Prezidenti Jo Bayden esa Kiyevga 400 million dollargacha harbiy yordam ajratish haqidagi farmonni imzoladi. Shuningdek, AQSH Davlat departamenti Ukrainaga uchta HIMARS qurilmasini zudlik bilan sotishga ruxsat berdi. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga urush boshlanganidan beri eng katta harbiy yordam paketini taqdim etishini e’lon qildi. Yordamning navbatdagi partiyasi to‘rt million o‘q-dori, 1600 dan ortiq zarba beruvchi va zenit-raketalar, shuningdek, 400 ta texnika, jumladan, 162 ta zirhli texnika va 78 ta yerusti texnikasidan iborat bo‘ladi.
12 may kuni Rossiya Xarkov viloyatidagi Gatishe, Krasnoye, Moroxovets va Oleynikovo qishloqlarini nazoratga olganini e’lon qildi.
LiveBarchasi