Zelenskiy ba’zi arab yetakchilarini urushga “ko‘z yumganlikda” aybladi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yaponiyadagi G7’ga safari oldidan ba’zi arab yetakchilarini Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga “ko‘z yumganlikda” aybladi. Bu haqda “BBC” xabar berdi.

Ma’lumki, Arab Ligasi davlatlaridan faqat Suriya Rossiyaning bosqinini ochiq qo‘llab-quvvatlagan. Boshqalar esa Moskva bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolishga intilgan.

“Ba’zi davlatlar Rossiya bilan aloqalari haqida o‘ylashlari kerak. Afsuski, dunyoda va bu yerda, sizning orangizda o‘sha harbiy asirning qafaslari va noqonuniy anneksiyalariga ko‘z yumayotganlar bor. Men bu yerga ruslar qanchalik ta’sir o‘tkazmasin, hamma vaziyatga to‘g‘ri qarashi, baribir mustaqillik bo‘lishi kerakligini bildirish uchun keldim”, degan Zelenskiy.

Shuningdek, u Jiddada yig‘ilgan rahbarlarga Ukraina o‘zini mustamlakachilar va imperialistlardan himoya qilayotganini aytgan.

Mezbon davlat Saudiya Arabistoni esa mazkur mojaroda nozik chiziqdan borgan – bir tomondan, Rossiyani o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga chaqiruvchi BMT rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlagan va Ukrainaga 400 million dollar gumanitar yordam va’da qilgan bo‘lsa, boshqa tomondan, mojaroda o‘zini betaraf ko‘rsatib, Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘yishga qarshilik ko‘rsatmoqda.

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon ham sammitda Saudiya Arabistoniga Moskva va Kiyev o‘rtasida urushni to‘xtatish uchun vositachilik qilish taklifini yangilagan.

Ukraina rahbari Saudiya Arabistonidan so‘ng G7 sammitiga boradi, buni bugun, 20 may kuni ertalab Yaponiya ham tasdiqlagan. Rasmiylarning aytishicha, u sammitning yetakchilar yig‘ilishida ishtirok etadi va Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazadi.

“[Zelenskiy] shaxsan o‘zini ko‘rsatish orqali quruq qo‘l bilan ketmasligiga va o‘zi xohlagan qurol-yarog‘lar bilan to‘lib-toshib Kiyevga qaytishiga, shu jumladan, halokatli qurollar va’dasiga ishonch hosil qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, deydi G7 tadqiqot guruhi tahliliy markazi direktori Jon Kirton.

Eslatib o‘tamiz, oxirgi bir necha kun ichida Zelenskiy Italiya, Germaniya, Fransiya va Buyuk Британияga borgan va harbiy yordam va’dalarini olgandi. Shuningdek, u ittifoqchilarini Ukrainaga ilg‘or qiruvchi samolyotlar yetkazib berishga undashda davom etmoqda, biroq hozircha hech bir davlat ularni bevosita yetkazib berish majburiyatini olmagan. Xirosimaga yetib borgach, u Kisida va Hindiston rahbari Narendra Modi kabi ehtiyotkorroq rahbarlarni yordam berishga ko‘ndirishga harakat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Zelenskiy G7 Arab Ligasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing