Zelenskiyga suiqasdning yangi tafsilotlari ochiqlandi
Olam
−
24 iyun 15545 2 daqiqa
Polshada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga uyushtirilgan suiqasdning yangi tafsilotlari ochiqlandi. Bu haqda Ukraina kontrrazvedkasi va Xavfsizlik xizmati raisi Vasil Malyuk “Interfaks-Ukraina” axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Polsha fuqarosi, iste’fodagi zobit Pavel K. ga “Rzeshov” aeroportida Zelenskiyni dron yoki snayper bilan o‘ldirish buyurilgani aniqlangan.
“Vazifa Prezident Zelenskiyni “Rzeshov” aeroportida jismonan yo‘q qilish bo‘lgan. Ularda ikkita variant bo‘lgan. Birinchisi FPV droni, ikkinchisi snayper orqali o‘ldirish”, dedi SBU rahbari.
Ma’lum qilinishicha, suiqasdga qarshi operatsiya o‘tkazishda Polsha Ichki xavfsizlik agentligi Ukrainaga yaqindan yordam bergan.
“Polsha Ichki xavfsizlik agentligiga (ISA) minnatdorlik bildirmoqchiman. Biz ular bilan suiqasdga qarshi muhim operatsiya o‘tkazdik”, dedi Malyuk.
Shuningdek, Malyuk o‘tgan yilning may oyida Ukraina kontrrazvedkasi va Xavfsizlik xizmati tomonidan qo‘lga olingan Davlat qo‘riqlash boshqarmasining ikki polkovnigi haqida ham munosabat bildirgan.
“Aslida ularning vazifasi mamlakat amaldorlarini himoya qilishdan iborat. Lekin ular FXXga ishlab, Prezidentga qarshi suiqasd tayyorlashgan. O‘shanda FXXni general-leytenant Beseda boshqarayotgandi. Suiqasd muvaffaqiyatsizligidan keyin Putin uni ishdan bo‘shatib, FXX tizimida maslahatchi qilib qo‘ydi”, dedi u.
Malyukning ma’lum qilishicha, hozirda Prezident Zelenskiydan tashqari, Mudofaa vazirligi Razvedka bosh boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov hamda Malyukga nisbatan ma’lumotlar yig‘ilib, Rossiya tomonidan suiqasd rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yil aprel oyida Polshada Vladimir Zelenskiyga suiqasd uyushtirishda gumon qilingan shaxs qo‘lga olingani, u Rossiya harbiy razvedkasiga ma’lumot uzatishda va Rossiya maxsus kuchlariga Zelenskiyga ehtimoliy suiqasdni rejalashtirishda yordam berishda ayblanayotgani xabar qilingan edi.
Shuningdek, o‘tgan yilning fevralida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan boshlangan mojaroning dastlabki kunlarida o‘ziga uyushtirilgan suiqasd tafsilotlarini ochiqlab, idorasida bir necha kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi.
Dilshod Hakimov
Live
Barchasi