O‘zbekiston OTMlarini xalqaro reytingga kiritish uchun ikkita bitim imzolandi
Jamiyat
−
27 fevral 2019
5378Bugun, 27 fevral kuni "Ilm-fan – 2020" milliy rivojlanish dasturi doirasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Times Higher Education xalqaro reyting agentligi va Elsevier kompaniyasi bilan uch yilga mo‘ljallangan hamkorlik bitimini imzoladi.
Imzolangan bitimga ko‘ra Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Times Higher Education xalqaro reyting agentligi bilan O‘zbekistondagi OTMlarining jahon ilm-fani olamidagi mavqeini mustahkamlash, ta’lim bozorida raqobatbardoshligini oshirish, qolaversa, dunyoning yetakchi ilmiy-ta’lim markazlari, nufuzli universitetlarning xalqaro reytingiga mahalliy universitetlarni kiritish yo‘lida birgalikda harakat qiladi.
Kelishuv doirasida vazirlik respublikadagi eng yaxshi universitetlar rektorlari va proyektorlaridan iborat Times Higher Education ekspertlari bilan birgalikda ishlaydigan ishchi guruhni shakllantiradi. Mazkur ishchi guruh a’zolari noyob ma’lumotlar va tahlillardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar hamda rivojlanishning ustuvor vazifalari va institutsional strategiyasini ishlab chiqishda Times Higher Education'ning doimiy ko‘magidan foydalanishadi. Ushbu bitim xorijiy ilmiy-ta’lim markazlari bilan yanada faolroq hamkorlik qilish imkonini beradi.
Shuningdek, bir paytning o‘zida vazirlik jahonga mashhur Elsevier nashriyot uyi bilan SciVal axborot-tahliliy portali ma’lumotlaridan foydalanish bo‘yicha bitim imzoladi. Mazkur kelishuv respublika OTMlariga nufuzli xalqaro ilmiy axborotlar manbasidan foydalanish, ilmiy tadqiqotlar sohasida samaradorlikni oshirish, pirovarda universitetlarning xalqaro reytingiga kirish imkonini berishi ko‘zda tutilgan.
LiveBarchasi