Amaldan ketib, amalga kelgan Nizomiddinov
Tahlil
−
08 aprel
13746Rasman tasdiqlanmagan bo‘lsa ham Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar ortidan Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimidan ishdan olingani aytilgan Zaynilobiddin Nizomiddinov Toshkent viloyati Bekobod tumaniga hokim bo‘ldi. Kimsan administratsiya rahbari bo‘lgan odam uchun bir tumanning kattasi bo‘lish administratsiya rahbarligidan keyin ko‘tarilishmi yo tushish, bugun shu haqda gaplashamiz.
Amaldan ketib, amalga kelgan Nizomiddinov
Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, 7 aprel kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati Bekobod tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan va sobiq administratsiya rahbari Bekobod tumaniga hokim lavozimiga tayinlangan. Bekobodning ishdan olingan hokimi Shuhrat Begimqulovich Do‘stbekov esa yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklari uchun lavozimidan ozod etilgani aytilgan. Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimidan ketganidan keyin O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Zaynilobiddin Nizomiddinov nomzodini shaxsan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning o‘zi tavsiya qilgani aytilgan xabarda. Nima uchun aynan Nizomiddinov nomzodi taklif etilgani hech kimga ma’lum emas.
Nozimiddinov nega Prezident Administratsiyasidan ketgan?
Zaynilobiddin Shahobiddinovich Nizomiddinov 1974 yil Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. U O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi agrosanoat majmuasi kotibiyati mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida ijro etuvchi apparat mudiri sifatida ishlagan. 2018 yil avgust oyi oxirida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan va o‘shanda prezident devoni Prezident Administratsiyasi etib qayta tashkil etilgan. O‘sha vaqtgacha prezident ijroiya apparati rahbari – maslahatchi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Zaynilobiddin Shahobiddinovich Nizomiddinov Prezident Administratsiyasiga rahbari bo‘lgan. U administratsiyani qanday boshqargani haqida fikrlar aytarli yo‘q. Kimdir borligi bilinmagan desa, kimdir qattiqqo‘l rahbar bo‘lgan deydi. Zaynilobiddin Nizomiddinov 2022 yilning 8 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farmoniga muvofiq Prezident Administratsiyasi raisi lavozimidan ozod etilgan. O‘shanda Nizomiddinov salomatligi tufayli lavozimdan ozod etilgani aytilgandi.
Ammo ko‘pchilik Nizomiddinovni 2022 yilning 1 iyunida Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar ortidan ishdan olinganini aytadi. Albatta, bu rasman tasdiqlanmagan. Ammo ko‘pchilik uni namoyishlardan 8 kun o‘tib ishdan olinishini aynan Qoraqalpoq voqealari bilan bog‘ladi. Nizomiddinov administratsiya rahbari lavozimidan olingan kunning o‘zida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylandi. Qizig‘i, bungacha tashkilotda bunday lavozim bo‘lmagan. Bu lavozimga o‘tirganidan keyin u OAVda ko‘rinish bermadi. 2022 yilning iyulida lavozimdan olingan Nizomiddinov oradan deyarli uch yil o‘tib hokim bo‘ldi.
Nega aynan Bekobod?
Nega aynan Bekobod? Ko‘pchilikda aynan shu savol bor. Bekobod tumani yuqoridan pastga, pastdan viloyatga chiqish uchun tramplin vazifasini bajaradi deyayotganlar ham yo‘q emas.
Bekobodni bugungacha boshqarganlarga bir nazar tashlasak, masalan, 2017 yilda Bekobodni 2 oy boshqargan Turobjon Jo‘rayev tumanga hokim bo‘lishidan avval turli yillarda moliya vazirining o‘rinbosari, xalq ta’limi vaziri, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyati hokimi sifatida ishlagan. 2017 yil aprel oyida Bekobod tumaniga hokim bo‘lib, oradan 3 oy o‘tib, Samarqand viloyatiga hokim bo‘lgan. Samarqandni bir oy boshqarib boshqarmay, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167- (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 206-(hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chiqish), 210-(pora olish) va 243-(jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) moddalari bilan aybdor deb topilgan va 13 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Sobiq hokim bu jinoyatlarni qaysi lavozimda ishlaganida sodir etgani tahririyatga ma’lum emas.
2017 yil 20 iyunigacha Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan Otabek Isroilov Bekobod tuman hokimi bo‘lgan va oradan bir yil o‘tib, vazifasini bajarishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani va paxtani qo‘shib yozgani uchun ayblanib, ishdan olingani aytilgan.
Undan keyin, 2018 yil 26 sentyabrgacha Parkent tumani hokimi bo‘lgan Ne’mat Abdullayev Bekobodga hokim bo‘ldi. Oradan ikki yil o‘tib, 2020 yil boshida o‘sha vaqtdagi Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov eksport, investitsiya, yoshlar bilan ishlash, ularni ish bilan ta’minlash kabi ustuvor masalalarda Bekobod tumani viloyatda eng oxirgi o‘rinlarda borayotganini tanqid qilgan va Ne’mat Abdullayevni ishdan olgan.
Uning o‘rniga 2020 yil 18 fevralgacha Toshkent viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan Furqat Xudoyberdiyev hokim etib tayinlangan. 2023 yilga kelib bu hokim ham yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun tanqid qilingan va lavozimidan olingan.
Yuqorida aytganimizdek, Bekobod hokimligiga shaxsan Zoyir Mirzayev tomonidan tavsiya etilgan Shuhrat Mirzayev 2023 yil avgust oyida Bekobod tuman hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘ldi. Oradan to‘rt oy o‘tib Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov qo‘lga olinganining ertasiga Bekobodga hokim bo‘lgan Shuhrat Mirzayev mablag‘larni o‘zlashtirganlikda gumon qilinib, hibsga olindi. U hokim bo‘lgunga qadar “Qishloq qurilish bank” Buxgalteriya hisobi va hisoboti departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari vazifasida ishlagan.
Bekobodning keyingi hokimi 2023 yil dekabrga qadar Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Toshkent viloyati kengashi raisi bo‘lgan Shuhrat Do‘stbekov. U ham tuman hokimligidan aynan yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklari uchun ishdan olindi. Keyin hokim kichik emas, katta bir kursida o‘tirgan, Prezident Administratsiyasiga rahbarlik qilgan Zaynilobiddin Nizomiddinov bo‘ldi.
Toshkent viloyati Bekobod tumanida ancha yil sadoqat bilan ishlagan hokimni topish qiyin. Bizda odatda faqat viloyat hokimlari joyida mahkam o‘tiradi. Tumandagilar esa ko‘p almashadi. Administratsiyani boshqargan odamga bir tumanni boshqarish u qadar qiyin bo‘lmas, balki Nizomiddinov ham tumanni ozgina boshqarib yuqoriga ko‘tarilib ketar.
Endi administratsiyadan tumanga rahbar bo‘lish, ko‘tarilishmi yo tushish shu masalani ko‘rib chiqsak. Bizda tuman, shahar, yo viloyat, qayerda hokim bo‘lishingizdan qat’i nazar hokimlik yaxshi o‘rin hisoblanadi. Hatto hokimlar Ichki ishlar yo prokuraturaning ham ichki ishiga aralashgani qulog‘imizga ko‘p chalinadi.
Inson huquqlari faoli “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Zaynilobiddin Nizomiddinovning tuman hokimi lavozimiga tayinlanishini reabilitatsiya jarayoniga o‘xshatmoqda.
“Zaynilobiddin Nizomiddinovning tuman hokimi etib tayinlanishini reabilitatsiya jarayoniga o‘xshatish mumkin. Chunki u qancha yuqori lavozimlarda ishlagan bo‘lmasin, yaxshilik bilan ketmagan. Ya’ni Nizomiddinovning ishlaridan qoniqishmagan. Shuning hisobiga uni qulagan yulduzlardan biri deyish mumkin edi. Tuman hokimi lavozimi – navbatchi lavozimlardan biri. Bu o‘ziga xos tramplin bo‘lishi ham mumkin, chunki viloyat hokimligiga yo‘l bir qadam. Viloyat hokimligidan esa bosh vazirlik yoki boshqalarga ham bir qadam. O‘zbekistonda kadrlar siyosatiga e’tibor beradigan bo‘lsak, juda tushunarsiz va tartibsiz hamda mantiqsiz bir xarakterga ega. Masalan, tuman hokimi vazir yoki bosh vazir o‘rinbosari tuman hokimi bo‘lib qolsa, men bunga ajablanmayman. Chunki hokimiyat vertikalida kadrlarni joylashtirish juda tushunarsiz. Ya’ni ko‘pincha, qonun-qoidalardan ko‘ra tartib-tamoyil va udumlar yoki hokimiyatning shaxsga nisbatan munosabati ko‘proq aks etadi. Zaynilobiddin Nizomiddinov hokimiyatga tayinlangan bo‘lsa, balki uni keyinchalik yaxshi kelajak kutayotgandir, balki viloyat hokimi bo‘lib, undan yana eski lavozimlariga tiklanar”, deydi Abdurahmon Tashanov.
Yuqoridan pastga...mi? Umuman, O‘zbekiston tarixida yuqoridan pastga, pastdan yuqoriga ko‘tarilganlar bormi deyilsa, ha, bor desak to‘g‘ri bo‘ladi. Ulardan birinchisi Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev. Zoyir Mirzayev 2016-2018 yillarda O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri bo‘lgan. U vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan vaqtida Oqqo‘rg‘onda bug‘doyni vaqtida sug‘ormagani sabab olti kishini kiyimlari bilan suv to‘la ariqqa tushishga majburlagani uchun lavozimidan ozod etilgan edi. O‘shanda uning bu ishi juda ko‘p tanqidlarga sabab bo‘lgandi. Zoyir Mirzayev oradan bir yil o‘tar-o‘tmas 2019 yilda Qashqadaryo viloyatiga hokim bo‘lib ishga qaytdi va viloyatni 2021 yilgacha boshqardi. 2021 yilda esa Toshkent viloyatiga hokim bo‘lgan. Yoki Farg‘ona viloyatini boshqarayotganda ko‘plab tanqidlarga uchragan Shuhrat G‘aniyev. U xodimlari bilan qo‘pol muomalada bo‘lgani, so‘kingani yo boshqalar uchun tanqid qilingan. Ishdagi kamchiliklari haqida Prezident ham gapirgan, ammo lavozimi o‘sishda davom etdi. Ishdan olingan yo tanqid qilinib, lavozimi yuqorilagan ko‘plarni sanash mumkin aslida. Hammasini vaqt ko‘rsatadi deganlaridek, Zaynilobiddin Nizomiddinovning administratsiyadan ketib, Bekobodga hokim bo‘lishi ortidan nimalar chiqadi, tarmoqlarda aytilayotgandek, uning Bekobodga hokim bo‘lishi lavozimi yuqorilashi uchun tramplinmi, buni vaqt ko‘rsatadi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


