Zarafshon o‘zanida suv oqimi kamayib ketdi. Samarqandning ayrim hududlarida suv yo‘q
Jamiyat
−
07 iyun 2021
5770Hozirda yog‘ingarchiliklarning yo‘qligi va Zarafshon daryosi o‘zanida suv oqimining kamligi sababli yerosti suvlarining sathi (debiti) pastlashib ketgan. Samarqand viloyatining bir nechta tumanida ichimlik suvi muammoga aylanmoqda.
“Samarqand suv ta’minoti”ning ma’lum qilishicha, inshootlardagi nasos uskunalarining mo‘’tadil ishlashida yerosti suv zaxirasining yetishmasligi sababli Samarqand, Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Pastdarg‘om, Nurobod, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Narpay, Payariq va Oqdaryo tumanlari aholisining toza ichimlik suvi ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘lmoqda.
MCHJ ma’muriyati markazlashgan ichimlik suvi iste’molchilaridan joriy yilning tabiiy qurg‘oqchiligi sababli suv ta’minotida kuzatilayotgan kamchiliklar — suv yetishmovchiligi uchun uzr so‘ragan holda mazkur holat tez orada Zarafshon daryosi o‘zanida suv oqimining oshishi va bu bilan bog‘liq yer osti suvlari zaxirasining sathining ko‘tarilishi bilan o‘z yechimini topishini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga korxona ma’muriyati iste’molchilardan ichimlik suvidan maqsadli foydalanish, uni behuda isrof qilmaslikni so‘ragan.