“Zapravka”larda AI-80 markali benzin sotuviga cheklov qo‘yildimi? 

Jamiyat

image

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda “zapravka”larning AI-80 markali avtobenzinni kuniga 10 tonnagacha sotishi bo‘yicha cheklov qo‘yilgani haqida xabarlar tarqalgandi. 

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bunga munosabat bildirdi. Qo‘mitaga ko‘ra, ayni paytda tovar-xomashyo birjasi orqali yoqilg‘i sotishga hech qanday cheklovlar kiritilmagan.

“Birja savdolarida, benzinning 80 foizi 1 tonna lotlarda, qolgan qismida vagon normasida (60 va 55 tonna) sotilmoqda. Avgust oyida jami kunlik 2,8 ming tonna mahsulot qo‘yilgan bo‘lsa, oktyabr oyida esa yoqilg‘i o‘rtacha 3,2 ming tonnadan savdoga chiqarilmoqda, ya’ni taklif 14 foizga oshirilgan”, deyiladi munosabatda.

Shu bilan birga, qonunga ko‘ra, qo‘mita bir sessiyada yoqilg‘i xaridining maksimal hajmini joriy etish huquqiga ega. Mavsumiy talab va narxlarning yuqori o‘zgaruvchanligi sharoitida bozorni barqarorlashtirish uchun bunday chora-tadbirlar joriy etilayotgani aytilgan.

Joriy yilning avgust oyida benzin narxlarining oshishi natijasida mahsulot xarid qilinishining maksimal miqdori 5 tonna etib belgilangan edi.
Mazkur choralar hamda taklifni oshirilishi joriy yilning sentyabr oyi oxirida hamda oktyabr oyining birinchi yarmida birja savdolarida benzin narxlarining 10 foizgacha pasayishiga va bir muncha barqarorlashishiga olib kelgan.

Shuningdek, jahon bozorida neftning qimmatlashishi va bir qator davlatlar benzin eksportini cheklaganini hisobga olib, ushbu holatning mahalliy bozorga bosimini yumshatish uchun 17 oktyabrdan boshlab qo‘mita kunlik xarid limitini 10 tonnagacha oshirgan.

“Bugungi kunda O‘zbekistondagi 2 mingdan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalarining 99 foizi AI-80 markali benzin litrini 6800 so‘mdan sotmoqda”, deya ma’lum qilgan qo‘mita.

Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi benzin sotilishini nazorat qiluvchi ishchi guruhlar tashkil etilgani, ularga yoqilg‘i taqchilligi va narxlarni sun’iy oshirib yuborishga qarshi chora ko‘rish yuklatilganini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

benzin AI-80

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made