Zangiotada o‘zini otib qo‘ygan askarning o‘limida jinoyat tarkibi aniqlanmadi

Jamiyat

image

Avvalroq Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi harbiy qismda 20 yoshli yigit o‘zini otib qo‘ygani haqida xabar berilgandi. Toshkent harbiy prokuraturasi uning o‘limi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilishini rad etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

2023 yil 11 yanvar kuni soat 10:00 da muddatli harbiy xizmat oddiy askari 20 yoshli I.M. harbiy qism nazorat o‘tish punktida sutkalik naryadini o‘tayotgan vaqtida, dam olish xonasiga kirgan. U yerda I.M. qurol saqlash javonida (piramida) turgan navbatchi serjant X.H.ga biriktirilgan AK-74 rusumli o‘q-otar qurolini olgan.

So‘ng o‘z joniga qasd qilish maqsadida, o‘qdonidan avval paxtavon o‘qni yechib olib, sumkaga solgan va jangovar quroldan o‘zining jag‘ qismiga otgan. Shundan so‘ng, u vafot etgan.

Qayd etilishicha, oddiy askar I.M.ning o‘z joniga qasd qilgani holati bo‘yicha o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida to‘plangan hujjatlar va ekspertizalar xulosalaridan kelib chiqib, uning o‘limida biror-bir shaxsning harakatida jinoyat tarkibi aniqlanmagan.

Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Shuningdek, harbiy qismda sutkalik naryad va qurol-yarog‘ni topshirish-qabul qilishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni nomiga taqdimnoma kiritilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Zangiota harbiy qism askar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing