Zangiota tumaniga yangi hokim tayinlandi

Jamiyat

image

Erkin Erkamovich Rustamov Toshkent viloyati Zangiota tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, bugun, 7 avgust kuni Xalq deputatlari Zangiota tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tavsiya qilingan nomzod Erkin Erkamovich Rustamovni Zangiota tumani hokimi lavozimiga tayinlagan. 

Bugun prezidentning tegishli qarori asosida Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosarligidan ketgan Erkin Rustamov endilikda joriy yilning 2 avgust kuni o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan Abduvahob Tamiqayevning o‘rnini egallagan. 

“Sobiq hokim Abduvahob Tamiqayev tajribali hokim edi. U kishi bilan turli yillarda yonma-yon ishladik. Biroq, tumanning iqtisodiyotini orqaga ketishida tuman faollarining roli katta deb o‘ylayman. Birikmaslik, bir yoqadan bosh chiqarmaslik yomon odat. Raqamlar ortida inson hayoti turganini unutishga haqqimiz yo‘q”, deydi viloyat hokimi Zoyir Mirzayev.

Ma’lumot uchun, Rustamov 2020 yilning dekabridan 2022 yilning 27 sentyabrigacha Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, bank-moliya tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kotibiyati mudirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. 27 sentyabrda esa Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. U joriy yilning fevral oyidan bugunga qadar Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahri va Bekobod tumaniga hamda, Sirdaryo viloyatining Xovos,  Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumaniga ham yangi hokimlar tayinlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent viloyati Zangiota tumani Erkin Rustamov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing