Zambiya vakili O‘zbekistonda xizmat safari chog‘ida vafot etdi
Jamiyat
−
09 aprel 17547 2 daqiqa
Zambiya Milliy Assambleyasi kotibi Roy Ngulube rasmiy xizmat safari davomida Toshkent shahrida vafot etdi. Ngulube Milliy Assambleya spikeri Nelli Mutti boshchiligidagi delegatsiya tarkibida 150-Parlamentlararo ittifoq (IPU) Assambleyasi va unga aloqador uchrashuvlarda ishtirok etayotgan bo‘lgan. Bu haqda “Lusaka Times” xabar berdi. Parlamentlararo ittifoq ham mazkur xabarni tasdiqladi.
“Tulia Akson (IPU Prezidenti) va IPU Bosh kotibi Martin Chungong Roy Ngulube – Zambiya Milliy Assambleyasi kotibining 150-Parlamentlararo ittifoq Assambleyasi doirasida xizmat safari chog‘ida vafot etganidan chuqur qayg‘uda ekanini bildirdi. Ular Zambiya xalqiga samimiy hamdardlik izhor etdi”, deyiladi Parlamentlararo ittifoq bayonotida.
Qayd etilishicha, spiker Mutti mahalliy OAVga yo‘llagan bayonotida yaqin hamkasbining vafotidan chuqur qayg‘uda ekanini bildirib, bu holatni “institut hamda butun mamlakat uchun katta yo‘qotish” deb ta’riflagan.
“Milliy Assambleya janob Ngulubening vafotidan g‘oyat qayg‘uda. Biz uning mamlakatga sadoqat bilan qilgan xizmatini yuksak qadrlaymiz”, degan u.
Zambiya poytaxti Lusakada e’lon qilingan alohida bayonotga ko‘ra, Ngulube parlament tizimida 20 yildan ortiq xizmat qilgan va bu davrda boy tajriba orttirgan. U 2002 yil 15 aprelda Milliy Assambleyada ish boshlagan va turli muhim lavozimlarda faoliyat yuritib, sekin-asta yuqori martabalarga ko‘tarilgan. Uning dastlabki lavozimlariga 2006 yildan 2008 yilgacha Janubiy Afrika taraqqiyot hamjamiyati parlament forumi Bosh kotibining yordamchisi va ijrochi yordamchisi bo‘lgan.
2009-2015 yillarda spikerning ijrochi yordamchisi, 2016-2017 yillarda esa tartib-qoidalar bo‘yicha muovini, 2017-2022 yillarda esa ma’muriyat bo‘yicha muovin lavozimlarida ishlagan.
Roy Ngulube 2023 yil sentyabr oyida Milliy Assambleya kotibi lavozimiga tayinlangan va vafotiga qadar ushbu lavozimda faoliyat olib borgan.
“Parlament a’zolari, apparat xodimlari va keng jamoatchilik orasidan ko‘plab hamdardlik maktublari kelib tushmoqda. Ko‘pchilik uning professionalligi, fidoyiligi va institutdagi uzoq yillik tajribasini alohida e’tirof etmoqda. Jasadni vataniga qaytarish va dafn marosimiga oid batafsil ma’lumotlar keyinchalik e’lon qilinadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida Markaziy Osiyo tarixida ilk marotaba Parlamentlararo ittifoqning 150-yubileyi bo‘lib o‘tishi xabar qilingandi. Ushbu anjuman 5-9 aprel kunlari “Tashkent City” hududidagi Kongress-xoll majmuasida o‘tkaziladi. Unda dunyoning 180 ta mamlakati, 15 ta kuzatuvchi davlat hamda 25 dan ortiq xalqaro va parlamentlararo tashkilotdan 2 mingga yaqin delegatlar ishtirok etmoqda. Yig‘ilishning asosiy mavzusi “Ijtimoiy rivojlanish va adolat uchun parlament harakati” bo‘lib, unda kambag‘allikni bartaraf etish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy inklyuziyani qo‘llab-quvvatlash va qaror qabul qilish jarayonida kamsitilgan guruhlar ishtirokini oshirish kabi masalalar muhokama qilinmoqda.
Live
Barchasi