“Zamhokim”ni otib ketgan erkakka sud hukmi o‘qildi
Olam
−
20 avgust 14954 2 daqiqa
Joriy yilning aprel oyida Qozog‘istonning Chimkent shahar hokimligi binosi yonida mazkur shahar hokimining o‘rinbosari Ruslan Berdenov otib ketilgani xabar qilingan edi. Davlatga qarashli “Turg‘un uy Chimkent” korxonasining sobiq rahbari Ernar Jiyembay ushbu suiqasdni sodir etishda aybdor deb topildi va 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Chimkent shahar sudi matbuot xizmati xabar berdi.
Voqea joriy yilning 21 aprel kuni sodir bo‘lgan. Ernar Jiyembay Ruslan Berdenovga qarata bir necha marta o‘q uzgan. Berdenov shoshilinch shifoxonaga yotqizilib, operatsiya qilingan va hayoti saqlab qolingan.
Hujumdan keyin gumonlanuvchi qo‘lga olingan, unga nisbatan qasddan odam o‘ldirishga urinish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, suiqasd ishdan bo‘shatish bilan bog‘liq bo‘lgan.
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, Jiyembay Berdenovga ov miltig‘idan besh marta o‘q uzgan va yana otmoqchi bo‘lganida o‘q tugab qolgan. Tergov versiyasida aytilishicha, Berdenov hokim o‘rinbosari lavozimiga tayinlangach, gumonlanuvchidan ishdan o‘z xohishi bilan ketish so‘ralgan, u esa spirtli ichimlik ichib, stress holatida qurol olib, Berdenovga hujum uyushtirgan.
Sud jarayonida Jiyembay jinoyatga rashk sabab bo‘lganini aytgan, biroq jabrlanuvchi buni yolg‘on va manipulyatsiya deb atagan. Prokuror unga 11 yil 3 oy qamoq jazosi berilishini so‘ragan, biroq sud 9 yil bilan cheklangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Finlyandiya parlamenti binosida deputat o‘z joniga qasd qilgandi. Politsiya hodisa yuzasidan tekshiruv boshlagan. Huquq-tartibot idoralari marhumning o‘limida jinoyat alomatlari yo‘qligini qayd etgan.
Live
Barchasi