Zaxiramiz yetarlimi? Markaziy bank naqd pul olishdagi vahimali vaziyatga izoh berdi
Jamiyat
−
11 may 2022
12235O‘zbekistondagi banklar va ko‘chma bankomatlarda naqd pul uchun turnaqator navbatlar yuzaga kelayotgani, xususan Xalq bankining Chiroqchi filiali oldidagi bankomatdan pul yechish uchun odamlar navbat kutayotgani, ularning aksariyatini keksalar tashkil etayotgani tasvirlangan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgani, naqd pul bilan bog‘liq mavjud vaziyat bo‘yicha Markaziy bank izoh bermay kelayotgani haqida xabar e’lon qilingan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, Markaziy bank tilga kirdi va holatga izoh berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning mart oyi ikkinchi yarmidan boshlangan milliy valyuta – “so‘m”da naqd pulga bo‘lgan talabning keskin ortishi natijasida Markaziy bank tomonidan muomalaga mart oyida 1 trln 119 mlrd so‘m, aprel oyida – 6 trln 343 mlrd so‘m, may oyining o‘tgan 11 kunida 1 trln 100 mlrd so‘m qo‘shimcha naqd pullar chiqarilgan.
Jumladan, mart-aprel oylarida qo‘shimcha chiqarilgan naqd pullarning 8 trln so‘mi aholining naqd chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlashga bo‘lgan keskin oshgan talabini (ushbu 2 oylik talab odatdagi 11,1 trln so‘mdan 19,3 trln so‘mga yetgan), 4-4,5 trln so‘mi bank kartalaridagi mablag‘larni naqdlashtirishga bo‘lgan qo‘shimcha talabni (17 trln so‘mdan 22 trln so‘mga yetgan) qondirishga yo‘naltirilgan.
Shuningdek, mavsumiy iqtisodiy faollikning ortishi sababli 2021 yilning mart-may oylarida Markaziy bank tomonidan muomalaga qo‘shimcha ravishda 2,5 trln so‘m naqd pul chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilning mart-aprel oylarining o‘zida (may oyini hisobga olmaganda) bu ko‘rsatkich 3 baravarga oshgani aytilmoqda.
“Markaziy bank tomonidan joylardagi banklar filiallari va bankomatlarni naqd pul bilan ta’minlash borasida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda va aholining naqd pulga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish uchun barcha imkoniyat va zaxiralari mavjud.
Yuzaga kelayotgan qisqa muddatli uzilishlar naqd pullarni joylarga yetkazib berish, ya’ni logistikasi va bankomatlarga joylashtirish bilan bog‘liq ekanligini hamda mazkur masala Markaziy bank tomonidan nazoratga olinganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi Markaziy bank rasmiy axborotida.
Izoh so‘ngida qayd etilishicha, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan aholining tovarlarni xarid qilishlarida va xizmat ko‘rsatishda bank kartalari orqali hisob-kitoblarda to‘lov terminallaridan to‘laqonli va uzluksiz foydalanishlari ushbu muammolarga barham berilishiga ko‘mak beradi.
LiveBarchasi