Zaxarova Prilepinning tajovuzkor so‘zlariga munosabat bildirdi

Olam

image

Rossiyalik siyosatchi Zaxar Prilepinning O‘zbekistonni bosib olish haqidagi tajovuzkor gaplaridan so‘ng Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova o‘z munosabatini bildirdi. Uning so‘zlari mamlakat TIV saytida keltirilgan.

Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekistonni har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari bog‘lab turadi. 

“Bu shunchaki yoqimli ibora emas. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil oktyabr oyida mamlakatimizga rasmiy tashrifining ta’sirchan yakunlari, keng ko‘lamli yig‘ilishda hukm surgan iliq muhit buning yaqqol dalilidir”, deydi Zaxarova,

Shuningdek, u 2004 yil 16 iyundagi strategik sheriklik va 2005 yil 14 noyabrdagi ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalarni eslatib o‘tgan. 

“O‘zaro majburiyatlarga ko‘ra, hamkorligimiz suverenitetni hurmat qilish, aralashmaslik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik asosida qurilgan. Ikki davlat vakillarining MDH, SHHT va BMTdagi faoliyati teng huquqlilik va manfaatlarni o‘zaro hisobga olish ruhi bilan sug‘orilgan. O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishi manfaatlaridan kelib chiqib, Moskva Toshkentga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomini hisobga olgan holda yordam bermoqda”, deya iddao qilgan u.

Bundan tashqari, u ikki davlat har doim bir-biriga yordam berishga tayyorligini aytib o‘tgan. 

“Bu bir necha bor amallar bilan tasdiqlangan (koronavirus pandemiyasi davrida o‘zaro yordam, jabrlangan hududlar aholisiga insonparvarlik yordami, Markaziy Osiyoda g‘ayritabiiy sovuqlik davrida Rossiya energiya resurslarini yetkazib berish, va boshqalar.)”, deya Zaxarova Rossiyaning yordamlarini ro‘kach qilgan.

U migratsiya mavzusiga ham to‘xtalib o‘tgan. 

“Rossiya tomoni chet eldan, birinchi navbatda, do‘st mamlakatlardan mehnat resurslarini jalb qilish ham Rossiya, ham bunday xizmatlarni eksport qiluvchi davlatlar manfaatlariga javob berishini bir necha bor ta’kidlagan. Ayni paytda migratsiya sohasidagi hamkorlikni yanada tartibli va o‘zaro manfaatli bo‘lishini ta’minlash maqsadida bir qator tartibga solish, tashkiliy, axborot va boshqa chora-tadbirlar bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, deydi Rossiya TIV vakili.

Uning aytishicha, Prilepinning bayonotlari uning shaxsiy fikri bo‘lib, Rossiya Federatsiyasining rasmiy pozitsiyasini uzoqdan ham aks ettirmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zaxar Prilepin sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surgani xabar qilingandi. Bu O‘zbekistonda norozilik va keng munozaralarga sabab bo‘ldi. O‘zbekistonlik faollar va deputatlar bu borada o‘z munosabatlarini e’lon qildi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov Prilepinning bayonotiga munosabat bildirayotib, “Aqlsiz do‘st aqlli dushmandan yomonroqdir”, naqlini eslatdi. 

Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev esa O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham mazkur vaziyatdan norozilik bildirib, Rossiyaga rasmiy nota yuborishi kerakligini ta’kidladi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov ham bu bo‘yicha munosabat berib, Kiyevni egallash Rossiya uchun orzuligicha qolishini aytdi. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa Prilepinning bunday harakati na O‘zbekiston, na Rossiya qonunchiligiga to‘g‘ri kelmasligini eslatdi. Yana bir  deputat Umida Rahmonova esa bir davlatning suverenitet huquqini boshqa davlatlarga nisbatan buzishni g‘irt ikkiyuzlamachilik deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

Zaxar Prilepin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing