Alisher Qodirov televideniye va ta’lim tizimida rus tilini qisqartirishni taklif qildi
Jamiyat
−
25 yanvar
11124Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov O‘zbekistonda ta’lim va televideniyeda rus tilidan foydalanishni qisqartirishni taklif qildi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozdi.
"3 foizga ham bormaydigan rus vatandoshlar uchun ta’lim va televideniyeda rus tili nomutanosib darajada ko‘p! Bu tuzatilishi kerak”, deydi Qodirov.
U, birinchi navbatda, O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’limni ona tilida o‘qitilishi bo‘yicha norma qonunga kiritilishi mumkinligini aytdi.
Shuningdek, deputat boshqa davlatlar bilan teleko‘rsatuvlar almashishni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. U "Milliy tiklanish" partiyasi fraksiyasida bu masalalarni muhokama qilinishini bildirgan.
“Qozoq, ozar, qirg‘iz, turkman, turk va tojik qardoshlar bilan teleko‘rsatuvlar almashishni yo‘lga qo‘yaylik”, deydi Qodirov.
Qayd etish joizki, Alisher Qodirovning bu taklifi rossiyalik shovinist tarixchi Mixail Smolinning Markaziy Osiyodagi xalqlar, xususan, o‘zbeklar va qozoqlarning go‘yoki 1917 yildagi inqilobgacha bo‘lmagani haqidagi iddaolari fonida bildirildi. Bundan sal oldinroq esa Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zaxar Prilepin sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surgandi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa ularning gaplari o‘zlarining shaxsiy fikri ekani va bu rasmiy Moskvaning pozitsiyasini anglatmasligini aytib chiqdi.
“Rasmiy rus tomoni shovinistlarni “g‘alati” chiqishlarini ta’kidlashdan nariga o‘tmayapti. Bu ularni bunday ritorikadan manfaatdor degan taassurot uyg‘otadi. So‘nggi vaqtlarda rus tilida shovinistik bayonotlardan boshqa narsa eshitmayapmiz. Bu holatda munosabatlar o‘z yo‘liga, amaliy choralar haqida o‘ylashimiz kerak”, deydi Alisher Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo aholini zaharli g‘oyalardan saqlash uchun mamlakatdagi xorijiy davlatlar propagandasiga xizmat qilayotgan barcha radio-televideniye kanallari hamda ularning internetdagi saytlarini zudlik bilan cheklash masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilgandi.
LiveBarchasi