Zaxarova nega O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashyapti?
Jamiyat
−
15 may 2020
46665Avvalroq, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi spikeri Mariya Zaxarova O‘zbekiston davlat idoralarida hujjat yuritishda davlat tilidan foydalanish shartligini ko‘zlovchi qaror loyihasiga munosabat bildirib, mamlakatda buni yoqlovchilar ozchilikni tashkil qilayotganini aytib chiqqandi. U o‘z fikrini dalillashga urinarkan, “Bu (idoralarda rus tilidan foydalanish) tarix ruhiga, ikki tomonlama munosabatlarning zamonaviy sifatiga, eng muhimi, ko‘pincha Rossiyada o‘qish va ishlashni afzal biladigan O‘zbekiston fuqarolarining manfaatlariga to‘la mos keladi”, degan edi.
Ayni vaqtda Zaxarovaning ushbu fikrlari o‘zbek elitasida va jamoatchilikda ko‘plab bahslarni keltirib chiqarmoqda. Zaxarovaga qarshi chiqqanlar orasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati – “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxonov ham bor. U Zaxarovaning O‘zbekiston ichki ishlariga aralashayotganini urg‘uladi. Jumladan u shunday deydi:
“Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Zaxarova O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilovchi qonun loyihasi bo‘yicha munosabat bildiribdi.
Birinchidan, suveren davlat hududida til masalasi tartibga solinishi uning ichki siyosati masalalariga kiradi.
Ikkinchidan, rus tili bo‘yicha Rossiya bilan hamkorlikda dasturlarning amalga oshirilishi bu yurtimizda boshqa millat vakillariga bo‘lgan hurmatimiz darajasini bildiradi. Lekin O‘zbekistonda davlat tili o‘zbek tili hisoblanadi va davlat organlarida ish davlat tilida yuritilishi qonunning talabidir.
Uchinchidan, Zaxarova qaysi asosga ko‘ra qonun loyihasining tarafdorlari kamchilikni tashkil qilishi va rasmiy ish yurituvida rus tili to‘liq saqlanib qolgan, degan xulosaga keldi?
To‘rtinchidan, davlat idoralarida o‘zbek tilida ish yuritish O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi aloqalarimiz dinamikasiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligi kerak. Rossiya rasmiy vakili bu masalaning O‘zbekiston fuqarolari manfaatlariga zid yoki zid emasligi bo‘yicha fikr bildirishga haqlimi?”.
Ayni vaqtda Zaxarovaning chiqishiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi sukut saqlamoqda.
LiveBarchasi