Zaharlangan Navalniy Germaniyaga olib ketiladi
Olam
−
21 avgust 2020
8650Avvalroq, Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy Omskdagi shifoxonada koma holatida qolayotgani haqida xabar bergan edik. Safdoshlari Navalniyni Germaniyaga olib ketish harakatiga tushib qolgandi.
Aleksey Navalniyni Germaniyaga olib ketishga ruxsat bermayotgan omsklik shifokorlar oxir-oqibat o‘z roziligini bildirdi. Bu haqda Omsk 1-sonli tez tibbiy yordam shifoxonasi bosh shifokori o‘rinbosari Anatoliy Kalinichenko ma’lum qildi. Bunda barcha javobgarlik germaniyalik shifokorlar va bemorning qarindoshlariga yuklatiladi.
“Bemorning ahvoli barqaror. Qarindoshlarining bemorni ko‘chirish so‘roviga bizning e’tirozimiz yo‘q. Ular istagan shifoxonaga o‘tkazib beramiz”, degan shifokor.
Shifokorlarning kutilmaganda fikrini o‘zgartirganiga Korrupsiyaga qarshi kurash fondi Matbuot kotibi Kira Yarmish munosabat bildirib, Alekseyning ko‘chirilishi bo‘yicha muzokaralardan hech bir umid qolmaganda ijobiy natija berganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Navalniyni ko‘chirish uchun samolyot ertalabdan beri kutyapti, barcha hujjatlar ham tayyor.
Eslatib o‘tamiz, Aleksey Navalniy 20 avgust kuni Tomskdan uchgan samolyotga chiqqan. Ko‘p o‘tmay u o‘zini yomon his qila boshlagan. Samolyot zudlik bilan Omskka qo‘ngan. Navalniyning tarafdorlari uni xorijga olib chiqish uchun Kremldan yordam so‘radi. Prezident Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. O‘sha kunning o‘zida Germaniya va Fransiya yetakchilari Aleksey Navalniyga yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. 21 avgust kuni esa Germaniyadan samolyot keldi.
Ahamiyatlisi, Aleksey Navalniyga hamon aniq tashxis qo‘yilmagan. Uning ahvoli og‘ir deb baholanyapti.
LiveBarchasi