Sportdagi burilish
Tahlil
−
01 dekabr
13048O‘zbekistonda sport hukumati yangilandi. Endi shaxsan davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti lavozimida ham faoliyat olib boradi va Mirziyoyevning kenja kuyovi, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov MOQda Shavkat Mirziyoyevga birinchi o‘rinbosar sifatida yordam beradi. Ortda qolayotgan hafta sport hukumatidagi yangilanishlar, mashhur rassomning o‘zbek taronasidan foydalanib, ijodiy ish yaratgani va dunyo hamda o‘zbek futbolida yilning eng yaxshisi bo‘lishga da’vogarlarning nomlari aniq bo‘lgani bilan yodda qoldi. Shu mavzular haqida QALAMPIR.UZ’ning sport dayjestida so‘z ochamiz. Assalomu alaykum.
Mirziyoyev MOQ raisi, Umarov esa uning 1-o‘rinbosari bo‘ldi
25 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi va unda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomzodi ilgari surildi va bir ovozdan saylandi.
Shuningdek, Bosh assambleya MOQ raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Otabek Umarovni, rais o‘rinbosari lavozimiga Sherzod Toshmatovni, qo‘mita bosh kotibi lavozimiga Oybek Qosimovni sayladi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Prezident Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abdurahmonov, Sport vaziri Adham Ikramov, Bosh assambleya a’zolari, shuningdek, federatsiya va assotsiatsiyalarning mas’ullari ham qatnashdi.
Hamid Sahari yangi ijodiy ishida o‘zbek qo‘shig‘idan foydalandi
Taniqli karikaturachi-rassom Hamid Sahari “Real Madrid”ning braziliyalik hujumchisi Vinisius Junior “Oltin to‘p” ololmaganidan yig‘lab, olov atrofida o‘tirgani aks etgan animatsion karikatura chiqardi.
E’tiborlisi, karikaturada Juniorning jamoadoshi Eduardo Kamavinga gitara chalib, qo‘shiq aytayotgani tasvirlangan va mazkur ijodiy ishni yaratishda Sahari o‘zbekistonlik xonanda Doston Ergashevning “Ko‘zmunchog‘im” qo‘shig‘idan foydalangan.
“Assalomu alaykum. Biz o‘zbekistonlik futbol muxlislari sizning ijodiy ishlaringizni katta qiziqish bilan kuzatamiz. Katta rahmat, siz tufayli yanada mashhur bo‘ldim” , deb yozgan Ergashev Sahari videosi ostida.
“Ajoyib san’atingizdan hammani bahramand qilganingiz uchun sizga rahmat”, deb javob qildi Sahari.
Yangilangan FIFA reytingida O‘zbekiston nechanchi o‘rinni egalladi?
O‘zbekiston terma jamoasi Xalqaro futbol federatsiyasining (FIFA) yangilangan reytingida 424,93 ochko to‘plab, 58-o‘rinni egalladi.
Srechko Katanets o‘tgan oydagi reytingda ham 58-o‘rinni band etgandi. Noyabr oyida “oq bo‘rilar” 2 ta o‘yin o‘tkazib, 1 ta g‘alaba va mag‘lubiyat qayd etdi.
O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo jamoalari ichida hamon 7-o‘rinda bormoqda. Osiyoda kuchli uchlikdan Yaponiya, Eron va Janubiy Koreya joy olgan.
Reytingda hamon amaldagi jahon chempioni Argentina terma jamoasi yetakchilik qilmoqda. Kuchli beshlikka Fransiya, Ispaniya, Angliya va Braziliya terma jamoalari kiritilgan.
FIFA yilning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi bo‘lishga da’vogarlarni ma’lum qildi
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) yil yakunlariga ko‘ra, bir nechta nominatsiyalarda yilning eng yaxshilarini aniqlab, “The Best” sovrini uchun o‘z nomzodlarini e’lon qildi.
Tashkilotga ko‘ra, yilning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga “Real” a’zolari Jud Bellingem. Dani Karvaxal, Toni Kroos, Killian Mbappe, Vinisius Junior va Federiko Valverde, “Man Siti”dan Erling Xoland va Rodri, “Barselona”dan Lamin Yamal, “Bayer” a’zosi Florian Virs, “Inter Mayami” hujumchisi Lionel Messi da’vogarlik qilmoqda.
Yilning eng yaxshi murabbiyi bo‘lish uchun esa “Real”ning italiyalik bosh murabbiyi Karlo Anchelotti, Ispaniya terma jamoasi ustozi De la Fuente, Argentina termasi murabbiyi Lionel Skaloni, “Man Siti” ustozi Pep Gvardiola va “Bayer” bosh murabbiyi Xabi Alonsoning nomlari keltirilgan.
Shuningdek, FIFA yana boshqa ko‘plab nominatsiyalarda yilning eng yaxshilarini aniqlaydi. Futbolchilarga sovrinlar 2025 yil yanvar oyida topshiriladi.
O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi bo‘lishga nomzodlar aniq bo‘ldi
2024 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga 14 nafar to‘p ustasi da’vogarlik qilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Sovringa Abbosbek Fayzullayev, Eldor Shomurodov, Abduqodir Husanov, O‘tkir Yusupov, Anvar Xojimirzayev, Husniddin Aliqulov, Abduvohid Ne’matov, Jaloliddin Masharipov, Akmal Mozgovoy, Oston O‘runov, Odil Hamrobekov, Jamshid Iskandarov, Otabek Shukurov va Sherzod Nasrullayev nomzodlik qilmoqda.
Yilning eng yaxshi murabbiyi bo‘lish uchun esa Mirjalol Qosimov, Ro‘ziqul Berdiyev va Temur Kapadze nomzodlari keltirildi.
Shuningdek, ayollar futboli va futzalda eng yaxshilarni aniqlash uchun nomzodlar ham ma’lum bo‘ldi.