Prezident Sport boshqarmalari boshliqlariga uch oylik sinov tayinladi

Sport

image

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarning muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash uchun joylardagi 310 ta sport maktablari milliy terma jamoalarning “seleksiya bazasi”ga aylanadi. Bu haqda bugun, 13 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida aytildi.

Barcha viloyatlardagi sport boshqarmalari boshliqlari hamda barcha sport maktablari direktorlarining faoliyatini tubdan kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Sport boshqarmalari boshliqlariga shaxsiy mas’uliyatini oshirishga qaratilgan uch oylik sinov tayinlandi.

Mutasaddilarga har bir maktab bo‘yicha aniq maqsadlarni belgilab, uch yillik dastur qilish topshirildi.

Jismoniy tarbiya universiteti, Nukus, Farg‘ona, Samarqand kabi sport fakulteti bo‘lgan oliygohlar professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, bitiruvchi kurs va magistratura talabalarining olti oyga sport maktablariga biriktirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Ular diplom ishi va dissertatsiyalarini bevosita joylardagi muammolardan kelib chiqib yozishi va ularga amaliy yechim berishi muhimligi ta’kidlandi.

Oliygoh rektorlari yangi metodika va yondashuvlarni bevosita shu yerda joriy qilib, sport maktablarini dual ta’limning ilmiy-amaliy bazasiga aylantiradi.

Hududlarning o‘ziga xosligi, yoshlarning qiziqishi va iqtidoridan kelib chiqib, 56 ta sport maktabi olimpiya sport turlariga moslashtirildi. Ushbu maktablar milliy terma jamoalarga asosiy zaxira bo‘ladi. 

Shu bois, hududlardan tanlab olingan eng sara yoshlar bu maktablarda individual reja asosida maqsadli tayyorlanadi. 

Viloyat hokimlari oldiga ushbu 56 ta sport maktabini yotoqxona va zarur sport jihozlari bilan to‘liq ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Sport vazirligiga bu maktablar uchun ilg‘or xorijiy tajriba va chuqur ilmga asoslangan metodika yaratish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident tomonidan Boks, dzyudo va boshqa sport turlari mutasaddilariga medallarni ikki karra oshirish topshirig‘i berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Shavkat Mirziyoev Sport

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing