Shakar ko‘p yeyapmiz – Hafta tahlili

Tahlil

Bu hafta axborot maydoni yana qaynadi: bir tomonda bahsli bayonotlar, ikkinchi tomonda xalqaro qidiruvlar va jinoiy ishlar, yana bir yoqda esa fojia va sirli o‘limlar jamoatchilik e’tiborini tortdi. Shu bilan birga, siyosat, iqtisod va ijtimoiy sohadagi muhim yangiliklar ham kun tartibini belgiladi. Asal va shakar mavzusi esa alohida bir mavzu. Hafta davomida eng ko‘p muhokama qilingan voqealarni bir joyga jamladik.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi raisi Aktam Xaitovning trendga chiqqan va hamon tushmayotgan “biz ko‘p go‘sht yeyapmiz” degan gapidan bir necha yil o‘tib, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning tonnalab shakar yeyapmiz degan gapi Xaitovning trenddagi iqtibosiga da’vogarlik qilmoqda.

“Kecha olimlarni olib kelib shakarning zararini o‘rgattirdim. Hamma tonnalab shakar yeb yotibdi. Bizlar hozir Surxondaryoda 1000 tonna [shakar] importini qisqartirsak, shakarni bozorda narxi arzon bo‘ladi. Oyog‘imizning tagida 3000 tonna asal ishlab chiqar ekanmiz, nimaga asal yemayapmiz”, deydi viloyat hokimi.

Qosimovning bu gaplari ortidan tarmoq portladi. Shakar narxini asal qiymatiga tenglashtirish boshlandi, 1 kg asl asal puliga kamida 15 kg shakar berishi muhokama qilinyapti.

“Ravshan zolotoy” xalqaro qidiruvga berildi

Sport homiysi deb aytiladigan G‘ofurboyni taniysiz-a? Uning “Ravshan zolotoy” nomi bilan tanilgan jiyani bor. Ravshan Muhitdinov. O‘zbekistonda birinchi ma’muriyat davrida 2007 yil qidiruvga berilib, so‘ng oqlangan Ravshan Muhitdinov tugayotgan haftada yana O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi so‘rovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berildi. 1988 yilda tug‘ilgan Muhitdinov Jinoyat kodeksining 173-moddasi 3-qismi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish), 242-moddasi 2-qismi (Jinoiy uyushma tashkil etish), 277-moddasi 3-qismi (Bezorilik) bilan ayblanmoqda.

Avvalroq, Toshkent shahrida “Malika” maishiy texnikalar bozorida ishlaydigan bo‘lajak kuyov aldov yo‘li bilan unashtirilgan qizining ota hovlisini sotib yuborgan haqida masala shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Ish borib “Real Sanjik” nomi bilan tanilgan tadbirkor Sanjar Karimovga borib taqaldi. Qizning da’vo qilishicha, Sanjar Karimov kuyov bo‘lmish bilan o‘zaro til biriktirib, oilaning uyiga oson ega chiqqan. Ushbu voqea ortidan Karimov hibslandi. U Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi hamda 273-moddasi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. O‘tgan hafta, 10 apreldan uning ishi bo‘yicha sud boshlandi.

Bu voqealar eslanganiga sabab – Sanjar Karimov Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan Ravshan Muhitdinovning bojasi.

Muhitdinov 2007 yilda (18 yoshida) Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari (jumladan, jinoiy uyushma tashkil etish) bilan ayblanib, qidiruvga berilgan. U 12 yil davomida O‘zbekistondan tashqarida (asosan Istanbul va Dubayda) istiqomat qilgan.

2019 yilda unga nisbatan e’lon qilingan qidiruv bekor qilindi va u O‘zbekistonga qaytib keldi. Xabarlarga ko‘ra, unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar qayta ko‘rib chiqilib, oqlangan.

Muhitdinovning o‘z tog‘asi G‘ofur Rahimov bilan moliyaviy masalalarda kelishmovchiligi bo‘lgani va bu nizo hatto jismoniy tazyiqlargacha borib yetgani haqida ma’lumotlar mavjud. Ommaviy axborot vositalarida Muhitdinov MDH hududidagi ta’sir doirasiga ega shaxslar bilan yaqin aloqada ekani haqida ma’lumotlar mavjud. Biroq, Muhitdinovning o‘zi bunday iddaolarni rad etib, shunchaki tadbirkor ekanini aytib keladi.

18 yoshida Interpol orqali qidiruvga berilgan Ravshan Muhitdinov 2009 yil sentyabr oyida Istanbulda hibsga olingan edi. Shundan so‘ng, u 3 yil davomida Istanbuldagi Moltepa qamoqxonasida saqlangan va O‘zbekiston tomoni ilgari surgan ayblovlar o‘z isbotini topmagani uchun ozod etilgan.

2013 yil oktyabrda Birlashgan Arab Amirliklarida takroran hibsga olingan “Ravshan Zolotoy” o‘sha yilning dekabriga qadar Dubaydagi Al-Avir qamoqxonasida ushlab turilgan va yana O‘zbekiston tomoni ilgari surgan ayblovlar o‘z isbotini topmagani uchun ozod etilgan.

2019 yilning 11 iyulida “Ravshan Zolotoy” O‘zbekistonga qaytdi. Uning Toshkentga qaytishi arafasida Ichki ishlar vazirligi saytining qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatidan Muhitdinovning ism sharifi olib tashlangan. Qaytganidan bir necha kun o‘tib, aniqrog‘i 24 iyul kuni yana mamlakatni tark etdi. Oxirgi vaqtlar u O‘zbekistonda sport homiylaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Muhitdinov Parij olimpiadasida O‘zbekiston rasmiylari va sportchilar bilan ham ko‘rinish bergan.

Interpolning navbatdagi nishoni

Interpol orqali qidiruvga berilganlardan yana biri – Dilshod Ahmedov. U 2024 yil oktyabrdan 2025 yil avgustgacha “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ rahbari lavozimida ishlagan va Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan ayblanmoqda.

“O‘zmetkombinat”ni 2025 yil 14 avgustdan taniqli tadbirkor Bahodir Abdullayev boshqarmoqda. U sobiq Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Bekmurod Abdullayevning akasi. Bekmurod Abdullayev esa 2025 yilning noyabr oyida egallab turgan lavozimidan ozod etilib, 2026 yilning yanvar oyida davlat xaridlarida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘i o‘zlashtirilgani bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgani va hibsga olingani ma’lum bo‘lgandi. Ko‘p o‘tmay, to‘g‘rirog‘i shu haftada uning ozodlikka chiqqani, davlatga yetkazilgan zarar qoplab berilgani ma’lum bo‘ldi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, zararni uning akasi Bekmurod Abdullayev qoplab bergan. Bu haqda rasmiy idoralar izoh bergani yo‘q.

“Zararni qoplagani munosabati bilan ozod qilingan rahbarlarga qo‘llanilgan ehtiyot chorasi 60 dan ortiq boshqa ayblanuvchilarda haqli norozilikka sabab bo‘lmoqda.  Voqealar rivojini kuzatamiz va rasmiylardan ikki enlik izoh kutamiz”, deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov.

Ikki muhojir ikki davlatda vafot etdi

O‘zbekistonlik 22 yoshli talaba Muhammadyusuf Faxriddinov AQSHda vafot etdi. U Stouni Bruk (AQSH) universitetida kompyuter texnologiyalari va informatika yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatning 4-bosqichida tahsil olayotgan edi.

Marhum 2004 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, 2022 yildan buyon AQSHda tahsil olayotgandi. Uning uyquga ketib uyg‘onmagani, o‘limi yurak faoliyati bilan bog‘liq ekani aytilmoqda. Biroq, rasmiy idoralar aniq ma’lumot taqdim etgani yo‘q.

17 aprel kuni esa Rossiyaning Vladikavkaz shahrida chiqindi konteynerlarida portlash sodir bo‘lishi oqibatida hududni tozalash ishlarini olib borayotgan kommunal xizmat xodimi – o‘zbekistonlik mehnat muhojiri halok bo‘ldi. Uning shaxsi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum emas, marhumning 5 farzandi bo‘lgan.

Holat ortidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi 1-qismi (ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.  O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi va konsulliklari holat bo‘yicha ma’lumot bermadi. 

Blogerning otasini kim o‘ldirdi?

Bloger, siyosiy-ijtimoiy sharhlar bilan tanilgan Temur Malikning otasi sirli tarzda g‘oyib bo‘lib, ruhiy xastalar shifoxonasidan topildi va oradan ko‘p o‘tmay vafot etdi. Bloger otasi Samarqand shahar IIB xodimlari tomonidan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga olib borib qo‘yilgani, oila a’zolariga xabar berilmagani va shifoxonada qilingan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari sabab halok bo‘lganini da’vo qilmoqda.

Uning qayd etishicha, 70 yashar otasi II guruh nogironi bo‘lgan va 14 aprel kuni bir sutka davomida uyda hushsiz yotganidan keyin vafot etgan. Marhum so‘nggi paytlarda alsgeymer kasalligi bilan kurashgan.

“Bundan bir hafta oldin, 10 aprel kuni otam sirli ravishda g‘oyib bo‘ldi. Bir sutka davomida qilgan qidiruv ishlarimiz natijasida, uni Samarqand shahar IIB Samarqand tumani ruhiy xastalar shifoxonasiga olib borib qo‘yganini aniqladik. Keyinchalik, bundan jahlimiz chiqib, o‘sha kunning o‘zidayoq otamni uyga olib keltirmoqchi edik, biroq ish kunlari tugagani sababli (shanba kuni edi), u yerdagi vrachlar bizga bemorni faqatgina dushanba kuni boshliqning ruxsati bilan qo‘yib yuborishini aytib, berishmadi. Dushanba kuni erta sahar olib keldik.

Ammo, uning ahvoli o‘sha paytda o‘ta og‘ir edi. Shifoxonadagi “qassob” shifokorlar otam qoniga o‘ta kuchli ta’sir qiluvchi preparatlarni yuborgan va u uyiga qaytganidan keyin bir sutka davomida o‘ziga kelmay yotib, oxiri 14 aprel, seshanba kuni halok bo‘ldi”, deb yozgan Temur Malik.

Bildirilishicha, ayni vaqtda Samarqand viloyat prokuraturasiga holat bo‘yicha tegishli surishtiruv ishlarini olib borishni so‘rab, rasmiy ariza kiritilgan. Tegishli tartibda sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan, ayni vaqtda uning natijalari kutilmoqda.

“Otam qanday qilib ruhiy shifoxonaga tushib qoldi? Uni kim uyoqqa olib bordi va nima uchun oila a’zolarini bundan xabardor qilmadi? Otamni kim va qanday preparatlar bilan uning o‘limiga olib keluvchi ukollar qildirdi? Ekspertiza javoblari chiqquncha holat keyinchalik yopdi-yopdi bo‘lib ketmasligiga kafolatlar kerak.

Qaysidir bir kichik xodim arzimas jazo olib, voqea bosti-bosti bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Samarqand tumanidagi ruhiy xastalar shifoxonasi faoliyati tubdan qayta ko‘rib chiqilishi va undagi ish jarayoni hamda xodimlar malakasiga tegishli huquqiy va professional baho berilishi lozim. Agar bizdan oldin ham kimdir shunga o‘xshash holatlarga duch kelgan bo‘lsa, menga murojaat qilishlarini so‘rab qolaman”, deydi bloger.

Holat bo‘yicha Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov rasmiy bayonot berib, ushbu ish bo‘yicha prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Talaba o‘z uyidan o‘lik holda topildi

Jahongir Mirzo taxallusi bilan ijod qiluvchi yosh shoir va yozuvchi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi Jahongir Nomozov o‘z uyida o‘lik holda topildi. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, u o‘z joniga qasd qilgan.

Hodisa 15 aprel kuni Namangan viloyati Pop tumanida sodir bo‘lgan. Nomozov ruhiyatidagi o‘zgarishlar sababli o‘z harakatlarining mohiyatini anglay olmasdan, yashash xonadonidagi hammomning to‘siniga arqondan sirtmoq yasab, bo‘yin sohasidan o‘zini-o‘zi osib, voqea joyida vafot etgan.

Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Pop tuman bo‘linmasining dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, Jahongir Nomozovning o‘limi – bo‘yin a’zolarini sirtmoqda qisilishi oqibatida yuzaga kelgan mexanik asfiksiyadan kelib chiqqanligi, bo‘yin sohasida strangulyatsion egatdan tashqari boshqa tan jarohatlari aniqlanmagani ko‘rsatilgan.

Ushbu holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilmoqda.

4 hokim “qora ro‘yxat”dan joy oldi

2025 yil Ochiqlik indeksida eng past natijani Andijon viloyati va Toshkent shahar hokimligi qayd etdi. Shuningdek, ro‘yxatda Toshkent va Sirdaryo viloyati hokimliklari ham bor. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2025 yilda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlili, xususan,  Ochiqlik indeksining yakuniy natijalari ayrim idoralarning oshkoralik borasidagi asl yuzini ochib tashladi.

Eng past natijani qayd etganlar orasida banklardan “Aloqabank” ATB, “Toshshahartransxizmat” AJ, Sudyalar oliy kengashi, O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ham bor. Ular va men nomlarini sanagan hokimliklar indeksning “qizil” toifasiga kiritilgan. 

“Qizil” toifada baholanganlar, xususan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov intizomiy jazoga tortilishi mumkin.

Ya’ni, “qizil” toifaga kiritilganlarga qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasini qo‘llash yuzasidan taklif kiritish, ochiqlikni ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni o‘rganish, bartaraf etish hamda ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.

Gap shundaki, 2025 yil yakunlari asosida o‘tkazilgan bu yilgi baholashda 97 ta vazirlik, idora, muassasa va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati qamrab olingan. Baholash jarayoni 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida amalga oshirilgan. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 66 ta davlat organi “yashil”, 22 tasi “sariq” va 9 tasi “qizil” samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd etgan.

Ochiqlik bo‘yicha eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlari “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “O‘zbekgidroenergo” va “O‘zavtosanoat” AJlari, Transport nazorati inspeksiyasi, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Adliya vazirligi tomonidan qayd etilgan.

Bir oilaning 4 a’zosi portlashda halok bo‘ldi

Tugayotgan haftada Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi xonadonda portlash sodir bo‘ldi va oqibatda bir oilaning 4 a’zosi – 29 yoshli ota hamda uning farzandlari – 6 yoshli o‘g‘li, 3 va 2 yoshli qizlari voqea joyida halok bo‘lgan.

Bundan tashqari, ushbu uyda yashovchi bolalarning onasi va buvisi yong‘indan qochish maqsadida xonadon derazasidan tashqariga otilgan. Ular turli tan jarohatlari bilan Nurafshon shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasiga yuborilgan.

Qolaversa, holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi O‘rta Chirchiq tuman bo‘limi va “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filiali O‘rtachirchiq tuman bo‘limi xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan ham xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Rossiyadan gaz olish ko‘payadi

13 aprel kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Rossiyaga borib, mavqedoshi Mixail Mishustin bilan uchrashdi va ikki mamlakat Hukumatlarining Qo‘shma komissiya yig‘ilishida ishtirok etdi.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash 13 milliard dollardan oshdi. Yilning dastlabki 2 oyi davomida savdo hajmi yana 30 foizga o‘sgan.

O‘zbekiston Bosh vaziriga ko‘ra, 2030 yilgacha qo‘shma tovar aylanmasini 30 milliard dollarga yetkazish vazifasini bajarish maqsadida O‘zbekiston va Rossiya o‘zaro mahsulot yetkazib berish nomenklaturasini, eng avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushini oshirish hisobiga sezilarli darajada kengaytirmoqda.

Mishustin energetika sohasini hamkorlikni kuchaytirish uchun asosiy yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqilayotganini aytgan. U Rossiya loyihasi asosida O‘zbekistonda integratsiyalashgan AES qurilishi boshlanganini eslatib o‘tgan.

“Rossiya nefti va tabiiy gazini yetkazib berishni davom ettirish va ularning hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Rossiyalik mutaxassislar ishtirokida O‘zbekiston hududida yangi quduqlarni burg‘ilash, qayta ishlash tizimi va gaz transporti infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda”, deydi Rossiya Bosh vaziri.

Rossiya hamon O‘zbekistonning asosiy savdo hamkori bo‘lib qolmoqda. Oxirgi yillarda mamlakat Rossiya gaziga har qachongidan jiddiyroq bog‘langan.

2025 yilda Rossiya  “Markaziy Osiyo – Markaz” quvuri orqali O‘zbekistonga yetkazib berishni ko‘paytirishda davom etdi, buning natijasida ushbu yo‘nalishdagi umumiy eksport hajmi taxminan 30 foizga o‘sib, 2025 yilda 7 milliard kub metrdan oshdi.

2023 yilda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Rossiya tabiiy gazining Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali tranzitiga start bergan. O‘shanda ushbu quvur orqali O‘zbekiston har yili Rossiyadan tijoriy shartnoma asosida 2,8 milliard kub metr gaz sotib olishi belgilangandi. Hozirda bu hajm 7,7 milliard kub metrni tashkil etmoqda. Biroq, gazni qanchadan sotib olinayotgani haqida rasmiy ma’lumotlar mavjud emas.

2023-2024 yillardagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiya gazini 1000 kub metri uchun taxminan 160 dollar atrofida xarid qilgan. 2025 yil uchun ham narxlar shu darajada yoki bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib, bir oz farqli bo‘lishi mumkin. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Turkmaniston va Rossiyadan gaz importi uchun jami xarajatlari 1,6 milliard dollarni tashkil etgan.

Abdulla Aripovning Rossiyaga tashrifi ortidan Putin Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko Toshkentga keldi va Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi. U Mirziyoyevga Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan. O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish doirasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

O‘zbekistonda birinchi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishga, shuningdek, tinch atom sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratilgan.

Rossiyaning “Rosatom” korporatsiyasi O‘zbekistonda bir emas, balki ikki xil turdagi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuvlarga ega. 2024 yil may oyida kichik quvvatli AES qurish bo‘yicha rasmiy shartnoma imzolandi va 2026 yil martida Jizzax viloyati Forish tumanida  qurilish ishlari boshlandi. “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovga ko‘ra, O‘zbekistondagi AES qurilish maydonchasida faqatgina bitta kichik blokning barpo etilishi Rossiya korxonalarini taxminan 24,7 mlrd dollargacha bo‘lgan buyurtmalar va taxminan mingta ish o‘rni bilan ta’minlaydi.

Shahnoza Mirziyoyeva ayollar koloniyasiga bordi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi – ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva tugayotgan haftada Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Ayollar axloq tuzatish koloniyasiga borib, u yerdagi sharoit bilan tanishdi.

Maqsad – mahkuma ayollarning onalik huquqini ta’minlash. Ya’ni, hozirda ushbu koloniyada 48 nafar go‘dak ham onalari bilan birga saqlanmoqda. Koloniyada alohida ona va bola markazini tashkil etish, mahkuma ayollar farzandlarini parvarishlashi uchun sharoit yaratish maqsad qilingan.

“Asosiy vazifamiz bu-bolalarga sharoit qilib beraylik. Qaraylik, boqaylik, ertaga bular jamiyatga qo‘shilishi kerak. Bollarni o‘qitaylik tarbiyachilar olib kelaylik, chiroyli muhit qilib beraylik. Bular ham bizning farzandlarimiz”, deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari.

Mirziyoyevaning aytishicha, ushbu muassasada har yili 20-30 nafar chaqaloq dunyoga keladi. Markaz ochilishi natijasida bolalar tajribali mutaxassislar va va tarbiyachilarning doimiy nazorati bilan ta’minlanadi. Onalar esa koloniyaning umumiy tartibiga rioya qilgan holda, boshqa mahkumalar bilan teng sharoitda yashash va mehnat qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Javohir Sindorov ikki rekordni yangiladi

Shu hafta, shu oy tug‘ilgan yangi chaqaloqlar orasida Javohir ismlilar ko‘paysa, ajabmas. Bu hafta ilmning qadri oshdi, ta’lim va tarbiya yana trendga chiqdi, Javohir, Javohirlar nomi dunyoni tutdi. Kiprda o‘tgan Nomzodlar turnirida mag‘lubiyatsiz qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov O‘zbekiston nomini o‘chmas qilib yozdi.

Sindorov Kiprning Pafos shahrida jahon toji uchun kurashishga yo‘llanma beradigan nufuzli Nomzodlar turnirida Jahon kubogi sohibi o‘laroq ishtirok etdi. Sindorov jami 2 davra va 14 tur davom etgan musobaqa davomida biror marta mag‘lubiyatga uchramadi – u 6 marta g‘alaba qozonib, 14 ochkolik imkoniyatdan o‘ntasini o‘ziniki qildi. U biryo‘la ikkita rekordni yangilab qo‘ydi – u Nomzodlar turnirida mag‘lubiyatsiz ishtirok etgan ilk shaxmatchi bo‘ldi, shu qatorda ochko jamg‘arish plankasini ham yarimtaga ko‘tarib qo‘ydi.

Turnir 15 aprel kuni yakunlandi. 16 aprel kuni bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida oliy sovrinni boshi uzra ko‘targan Sindorov 17 aprel kuni O‘zbekistonda tantana bilan kutib olindi.  U tarixiy natijani qayd etgan kuniyoq Prezident Shavkat Mirziyoyevdan telefon orqali tabrik qabul qilib olgan edi.

O‘zbekistonga qaytganda esa shaxsan mamlakat yetakchisining o‘zi uning ko‘ksiga “Mehnat shuhrati” ordenini qadab qo‘ydi.
Omad kulgani, ilmning qadrlangani, yoshlarga yo‘l ochilgani shu bo‘lsa kerak. Sindirov so‘nggi besh oy ichida ikkinchi marta Prezident tomonidan yuksak mukofot bilan taqdirlanmoqda. Unga 2025 yilning 28 noyabr kuni shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi unvonini topshirgan edi.

Darvoqe, shu kunlarda 20 yashar Javohirning blits yo‘nalishida uch karra jahon chempioni qozog‘istonlik Bibisora Assaubayeva bilan tushgan suratlari keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Biroq, yoshlarning o‘zi hali gap-so‘zlarga izoh berganicha yo‘q.

Farrux Zokirov 80 yoshda! 

Nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni respublikalarda ham bir necha avlod afsonaviy “Yalla” guruhi, Farrux Zokirovning qo‘shiqlari bilan ulg‘aydi. Hamon ulg‘ayyapti. Charchatmaydi, eskirmaydi, shovqindan yiroq, agressiyasi yo‘q bu qo‘shiqlar qaysi mamlakatda jarang sochmasin, O‘zbekistonning issiq taftini his ettiradi. O‘sha qo‘shiqlarning muallifi – asl san’atkor, madaniyat borasida o‘rnak ijodkor, shov-shuv, trendlar, shou-biznes nayranglari va piarlari, kerak bo‘lsa, andishasizligu shallaqilikdan yiroq metr Farrux Zokirov 80 yoshni qarshiladi.

Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovning 80 yillik tavallud ayyomi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda, Farrux Zokirov nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Markaziy Osiyo, Hamdo‘stlik mamlakatlari va turkiy ellarning sevimli san’atkori ekani ta’kidlangan. Uning O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti degan faxriy unvonlar bilan bir qatorda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Tatariston, Boshqirdiston va Ingushetiya xalq artisti degan yuksak unvonlarga sazovor bo‘lgani uning ijodiga berilgan katta baho sifatida qayd etilgan.

Marosimda o‘zbek milliy san’ati va madaniyatini rivojlantirish yo‘lidagi ko‘p yillik beqiyos xizmatlari uchun Farrux Zokirovga “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni topshirildi.

O‘sha kuni Prezident “O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targ‘ib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga Farrux Zokirov nomi beriladi, “Yalla” nomidagi bolalar ansambli faoliyat yo‘lga qo‘yiladi, yoshlar ijodiy laboratoriyasi hamda “ustoz-shogird” an’analari asosida estrada yo‘nalishi bo‘yicha ijrochilik mahorat maktablari tashkil etiladi.

Farrux Zokirovning yubileyi nafaqat O‘zbekistonda, balki Qozog‘istonda ham alohida voqelik sifatida e’tirof etildi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev O‘zbekiston va Qozog‘iston xalq artisti Farrux Zokirovni 80 yoshlik yubileyi bilan tabrikladi.

“Tabiiy iste’dodingiz, tuganmas hayotiy quvvatingiz va noyob mehnatsevarligingiz tufayli siz butun dunyo bo‘ylab millionlab ijodingiz muxlislarining samimiy mehrini qozondingiz. Sizning san’atingiz ko‘p yillardan buyon turli avlod va millat vakillarini birlashtirib kelmoqda. Qozog‘istonda sizni takrorlanmas ovozingiz va butun bir davrning madaniy fenomeniga aylangan afsonaviy “Yalla” ansambli ijrosidagi mashhur qo‘shiqlaringiz uchun qadrlashadi”, deyiladi telegrammada.

Madaniyat va musiqa san’atini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi, shuningdek, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlagani uchun Qosim-Jomart To‘qayev Farrux Zokirovni II darajali “Dostiq” (Do‘stlik) ordeni bilan taqdirladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Toshkent Rossiya talaba portlash Shahnoza Mirziyoeva Sport Jinoyat kodeksi Ichki ishlar vaziri Interpol tabiiy gaz xalqaro qidiruv Temur Malik “qora ro'yxat” Muhammadyusuf Faxriddinov Ravshan Muhitdinov “Ravshan zolotoy” “Malika” maishiy texnikalar bozori Bahodir Abdullaev Ikki muhojir siyosiy-ijtimoiy sharhlar 4 hokim ayollar koloniyasi

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing