AQSH 60 davlatga yangi boj tariflarini e’lon qildi
Olam
−
03 iyun 2202 2 daqiqa
AQSH majburiy mehnat bilan bog‘liq xavotirlar sabab 60 ta savdo hamkorga nisbatan 10–12,5 foizlik yangi bojxona tariflarini joriy etishini e’lon qildi. Qaror AQSH Savdo departamenti tomonidan mamlakat importining deyarli barchasini qamrab oluvchi davlatlarga nisbatan qabul qilingan. Bu haqda BBC xabar berdi.
AQSH Savdo departamenti ma’lumotiga ko‘ra, yangi tariflar majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlar importini to‘xtatish yoki kamaytirish uchun yetarli choralar ko‘rilmagani sabab joriy etilmoqda.
Yangi tariflar 60 ta savdo hamkorini qamrab oladi. Ular orasida Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi, Kanada, Hindiston, Yaponiya, Xitoy va boshqa ko‘plab davlatlar bor. AQSH Savdo vakili Jamison Grirning aytishicha, bu holat amerikalik ishchilar uchun global bozorda teng bo‘lmagan raqobat muhitini yaratadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 10 foizlik tariflar Kanada, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi, Indoneziya, Meksika, Pokiston, Argentina, Bangladesh, Kambodja, Salvador, Gvatemala, Malayziya va Tayvan kabi davlatlarga nisbatan qo‘llanadi. Qolgan 45 davlat, jumladan Xitoy va Hindiston esa 12,5 foizlik bojlar bilan yuzlashadi.
Buyuk Britaniya hukumati mamlakat majburiy mehnatga qarshi kurashayotganini va global ta’minot zanjirlarida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rayotganini bildirgan. Xitoy esa majburiy mehnat haqidagi ayblovlarni rad etib, bunday da’volar siyosiy maqsadlarda ishlatilayotganini aytgan. Yevropa Komissiyasi esa AQSH qarorini asossiz deb baholagan.
Hindistonlik tahlilchilar bu qarorni AQSHning kengroq bosim siyosati qismi sifatida ko‘rish mumkinligini ta’kidlab, uni ikki tomonlama savdo muzokaralariga ham ta’sir qilishi mumkinligini aytgan.
Mazkur tariflar mart oyida AQSH tomonidan boshlangan keng qamrovli tekshiruv natijasida ilgari surilgan. Tekshiruv natijasida 60 ta davlatning aksariyati majburiy mehnatga oid mahsulotlar importini taqiqlash va uni samarali ijro etishda yetarli choralar ko‘rmagani aniqlangan.
Hozircha e’lon qilingan yangi bojlar kuchga kirmagan. Ularni joriy etish uchun AQSH ma’muriyati tegishli huquqiy jarayonlarni yakunlashi kerak bo‘ladi. Agar Kongress bu chorani davom ettirishga ruxsat bermasa, amaldagi vaqtinchalik tariflar iyul oyida bekor bo‘lishi mumkin.
Live
BarchasiPashinyanning qushi uchmadi
03 iyun