Toshkentda shifokor amaliyotchi talabalarga shahvoniy shilqimlik qildi

3-sahifa

image

Toshkent shahrida amaliyotchi talabalarga shahvoniy shilqimlik qilgan 32 yoshli urolog-shifokor 5 sutkaga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Hujjatda keltirilishicha, 1993 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi S.S. joriy yilning 26 mart kuni Olmazor tumanida joylashgan “D-D” shifoxonasiga amaliy mashg‘ulot o‘tash uchun borgan “Alfraganus” universiteti talabasi N.Z. ga o‘z xizmat xonasida jinsiy aloqa qilishni taklif qilgan. Bundan tashqari, joriy yilning 28 aprel kuni ham shu shifoxonaga amaliyot uchun borgan “Alfraganus” universiteti talabasi O.G. ga yaxshi ko‘rib qolganini, unga uylanmoqchi ekanini bildirib, darsga bormagan kunlariga ijobiy baho qo‘yib berishini aytgan va shilqimlik qilgan.

Joriy yilning 1 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sudda huquqbuzar S.S. aybiga qisman iqror bo‘lgan. Shuningdek, u  N.Z. ga o‘z xizmat xonasida shilqimlik qilmaganini, qiz unga tuxmat qilganini aytgan. Shu bilan birga, O.G. ga yaxshi ko‘rib qolganini, unga uylanmoqchi ekanini bildirib, biroq unga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilish niyati bo‘lmaganini, unga uylanmoqchi bo‘lganini aytgan. Suddan yengillik berishni so‘ragan.

Sudda jabrlanuvchilar yuqoridagi holatlarni tasdiqlab, S.S. ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Xususan, N.Z. S.S. unga o‘z xizmat xonasida jinsiy aloqa qilishni taklif qilganini, O.G. esa shifokor unga shahvoniy shilqimlik qilib, o‘rtalarida bo‘lgan suhbatni diktafonga yozib olganini bildirgan.

Sud qarori bilan S.S. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilgan. Unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida ko‘chada dugonalari bilan ketayotgan qizga shahvoniy shilqimlik qilgan 36 yoshli erkak R.Q. 5 sutkaga qamalgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent shahvoniy shilqimlik urolog

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing