Yumshatilgan karantin Germaniyada koronavirus infeksiyasining ko‘payishiga olib keldi
Olam
−
11 may 2020
4358Germaniya Federativ Respublikasi hukumati o‘tgan haftadan boshlab karantin choralarini yengillashtirdi. Biroq, ushbu qarordan so‘ng Germaniyada koronavirus infeksiyasi faolligi oshdi.
Robert Koch institutining ma’lumotlariga ko‘ra, virusning yuqish darajasi 1,1 dan yuqori bo‘lgan. Bu shuni ko‘rsatadiki, hozirda 10 kishi 11 kishiga kasallik yuqtirmoqda. Ilgari yuqumlilik darajasi 1.0 dan kamroq edi.
So‘nggi kunlarda Shimoliy Reyn-Vestfaliya va Shlesvig-Xolshteyn federal shtatlaridagi go‘shtni qayta ishlash zavodlarida kasallik holatlari aniqlandi. Shundan so‘ng, hukumat ushbu korxonalarni yopishga majbur bo‘ldi.
Cheklov choralarini yumshatish to‘g‘risida 6 may kuni Germaniya kansleri Angela Merkel va 16 federal shtatlar rasmiylari kelishib oldilar. Biroq, hukumat rahbari infeksiyaning yangi o‘choqlari kuzatiladigan hududlarda karantin rejimiga qaytishni istisno qilmagandi.
Endi bunday ssenariy ehtimolligi oshdi. Hozirda karantin choralarini qayta qo‘llash ko‘rib chiqilyapti. Ushbu hodisalar fonida mamlakatda pandemiya bilan bog‘liq cheklov choralariga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyish ishtirokchilari, shu jumladan Shtutgartda ularning erkinligi xavf ostida ekanini va koronavirus bilan bog‘liq cheklovlar haddan tashqari oshirilganini aytishdi.
LiveBarchasi