Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasining yangi shakli qabul qilindi
Jamiyat
−
17 may 2021
5062Joriy yilning 10 may kuni Davlat bojxona qo‘mitasi “Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi. Bu haqda “Norma” xabar berdi.
Hujjat qabul qilinishidan bir qancha maqsadlar ko‘zlangan. Jumladan Bojxona kodeksi, “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun va Prezidentning 2018 yilning 20 sentyabrdagi “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurash bo‘yicha idoralararo komissiyani tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, shuningdek, shuningdek Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning (FATF) tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish ko‘zlangan.
Birinchidan, Yo‘riqnoma quyidagi mazmundagi 21-band bilan to‘ldirildi:
“Qonunchilik hujjatlariga muvofiq yozma deklaratsiyalanishi lozim bo‘lgan jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilayotgan O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasi va (yoki) naqd chet el valyutasi deklaratsiyaning ajralmas qismi hisoblanadigan ilovasini to‘ldirish va bojxona organi xodimiga taqdim etish yo‘li bilan bojxona nazoratidan o‘tkaziladi”.
Ikkinchidan, aniqlashtirilishicha, yo‘lovchilar deklaratsiyasini chop etib qo‘lda to‘ldirilgan holda yoki elektron shaklda to‘ldirib chop etgan holda, o‘z imzolari bilan tasdiqlab bojxona organlariga taqdim etishi mumkin. Ikkala holatda ham deklaratsiya yo‘lovchining imzosi bilan tasdiqlanadi.
Deklaratsiya shaklini DBQning rasmiy sayti: www.bojxona.uz dan chop etish mumkin.
Uchinchidan, deklaratsiya ilovasi qanday tartibda to‘ldirilishi qayd etildi. Xususan:
• 1-bandda shaxs to‘g‘risida ma’lumotlar (familiyasi, ismi, tug‘ilgan sanasi, pasportining seriyasi va raqami) hamda tranzit o‘tish mamlakatlari nomi ko‘rsatiladi;
• 2-bandda O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasi va (yoki) chet el valyutasi deklaratsiyalovchi shaxsga tegishli bo‘lmagan hollarda ilovani to‘ldirish tartibi ko‘rsatilgan.
LiveBarchasi