Yo‘llardagi ayrim huquqbuzarliklarga birinchi martada jarima yozilmasligi mumkin
Jamiyat
−
16 may
4278Endi yo‘llardagi ayrim yengil turdagi huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda “ma’muriy ogohlantirish” ta’sir chorasi qo‘llanilishi mumkin. Bu haqda Prezident topshirig‘iga muvofiq ishlab chiqilgan qonun loyihasida so‘z boradi.
Loyihaga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq ayrim yengil turdagi huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxslarga DPX inspektori tomonidan ogohlantirish beriladi. Ogohlantirish bir yil ichida faqat bir marotaba berilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qaror bilan joriy yil 1 iyundan boshlab yo‘l chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangandi. To‘xtash chizig‘i – “stop-liniya” (5.33 yo‘l belgisi) bundan mustasno.
Qarorga ko‘ra, 1 iyundan boshlab shaharlar avtomobil yo‘llarida ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07:00 dan 21:00 ga qadar amalga oshirishga (dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan mustasno) yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, joriy yil 1 sentyabrdan boshlab harakat tezligini nazorat qilishga mo‘ljallangan har qanday turdagi statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda va ungacha kamida 250 metrdan kam hamda 500 metrdan ko‘p bo‘lmagan hududda “Radar” yo‘l belgisining o‘rnatilishi majburiy bo‘ladi.
Bundan tashqari, avtobuslar harakati uchun ajratilgan, ya’ni “A” harfli tasmalarda boshqa transport vositalarining soat 23:00 dan 06:00 ga qadar harakatlanishi qoidabuzarlik hisoblanmaydi.
Shu bilan birga, endilikda “To‘xtash taqiqlangan” va “To‘xtab turish taqiqlangan” yo‘l belgilarining amal qilish vaqtini ko‘rsatuvchi qo‘shimcha axborot belgilari o‘rnatiladi.
Qaror bilan ayrim temiryo‘llarda yuzaga kelayotgan uzun tirbandliklarning oldini olish maqsadida temiryo‘l kesishmalarida “stop” belgilari boshqariluvchi svetoforlarga almashtirilishi belgilandi.
LiveBarchasi